Joriy yilning 24 fevral kuni Chirchiq shahridagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliy o‘quv yurtlari talabalarining Universiada sport o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan badminton va Street workouyt (ko‘cha sporti) bo‘yicha viloyat bosqichi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. O‘zDJTSUning gimnastika zalida yuqori saviyada tashkil etilgan "Street Workouyt" (ko‘cha sporti) bahslarida o‘g‘il bolalar va qizlardan iborat mezbon jamoalar raqiblaridan ochkolar hisobiga ustun kelib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ikkinchi o‘rinni o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida Chirchiq davlat pedagogika instituti jamoasi egalladi. O‘zDJTSUning manejida tashkil etilgan badminton bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda ham mezbonlarning qo‘li baland kelib, birinchi o‘rinni band etishdi. Musobaqalar yakuniga yetgach, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanishdi.
Universiada sport o‘yinlarining belgilangan nizomiga muvofiq, ushbu musobaqalarda g‘olib bo‘lgan jamoalar endi respublika final bosqichlarida ishtirok etishadi.
- Yaqinda Chirchiqda o‘tkazilgan Universiada sport o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan belbog‘li kurash bo‘yicha respublika final bosqichida ham talabalarimiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, universitetimiz sharafini munosib himoya qilishgan edi deydi,- O‘zDJTSU "SKUF" sport klubi raisi o‘rinbosari To‘raqul Rahmonov. - Bugungi viloyat saralash bahslarida talabalarimiz finalga yo‘llanmani naqd qilishdi. Niyatimiz, Toshkent viloyati terma jamoasi respublika final o‘yinlarida ham birinchi bo‘lish.