Kirish imtihonlari va suhbat o‘tkazish jadvali
Tayanch doktoranturaga quyidagilarga ega bo‘lganlar qabul qilinadi:
- magistr darajasiga, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) ega bo‘lganlar;
- falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy natijalar, shu jumladan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida bitta maqola hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ikkitadan kam bo‘lmagan ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan ma’ruza tezislariga ega bo‘lganlar.
Tayanch doktoranturada o‘qishga talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- ariza;
- qisqacha biografik ma’lumotnoma;
- mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
- oliy ta’lim muassasasi magistraturasi diplomi, oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
- nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning nusxalari (dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida bitta maqola hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ikkitadan kam bo‘lmagan ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan ma’ruza tezislariga ega bo‘lish talab etiladi);
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohiblari tegishli hujjat nusxasini taqdim etadilar.
Tayanch doktoranturada o‘qish uchun talabgorlar mutaxassislik va chet tili (ta’limning oldingi darajalarida o‘rganilgan xorijiy til) bo‘yicha kirish imtihonlarini topshiradilar. Talabgorlarda IELTS (kamida 5.5), TOEFL (PBT) (567 balldan kam bo‘lmagan), TOEFL (iBT) (87 balldan kam bo‘lmagan), CEFR (B2 darajadan past bo‘lmagan) bo‘yicha tasdiqlovchi amaldagi xalqaro malaka sertifikatlari mavjud bo‘lganda chet tilidan topshiriladigan imtihonlardan ozod etiladi.
Doktoranturaga quyidagilarga ega bo‘lganlar qabul qilinadi:
- fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoki ularga tenglashtirilgan xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar;
- fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi yoki ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar olgandan so‘ng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ishlar to‘plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo‘lish.
Doktoranturada o‘qishga talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- ariza;
- qisqacha biografik ma’lumotnoma;
- mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
- oliy ma’lumot, fan nomzodi yoxud falsafa doktori (PhD) yoki xorijiy davlatlarda unga tenglashtiriligan ilmiy darajaga ega bo‘lganligi to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
- tadqiqot mavzusi bo‘yicha ilmiy ma’ruza va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;
- nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning nusxalari (dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ishlar to‘plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo‘lish talab etiladi).
Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka quyidagilar rasmiylashtiriladi:
- magistr diplomi yoki oliy ma’lumot to‘g‘risidagi (ixtisoslik bo‘yicha) diplomga ega bo‘lganlar;
- falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy natijalar, shu jumladan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida bitta maqola hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ikkitadan kam bo‘lmagan ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan ma’ruza tezislariga ega bo‘lganlar.
- kamida ikki yillik ilmiy-pedagogik ish staji yoki muayyan ilmiy yutuqlar (ixtiro uchun patentlar yoki mualliflik guvohnomalari)ga ega bo‘lganlar.
Mustaqil izlanuvchilikka talabgor quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:
- ariza;
- qisqacha biografik ma’lumotnoma;
- falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun magistrlik to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
- mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
- ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxasi;
- fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) diplomi yoki xorijda olingan unga tenglashtiriligan boshqa ilmiy darajalar diplomi nusxasi;
- ish joyidan tavsifnoma.
Oliy o‘quv yurtidan keying ta’lim institutlariga xorijiy fuqarolarni va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qabul qilish qonun hujjatlariga va/yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Doktoranturada o‘qish shakli – kunduzgi. O‘qish muddati – uch yil. Doktoranturaga hujjatlar qabuli 15 sentabrdan 15 oktabrgacha, kirish imtihonlari 1-25 noyabrda o‘tkaziladi.