Joriy yilning 21 aprel kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Yoshlarni sportga jalb qilishni yana-da kengaytirish, talabalar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan talaba yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, hududlardagi sport inshootlarini saqlash, kelgusida ulardan samarali foydalanish hamda sport sohasida xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash, sportda ilm-fanni jadal rivojlantirish, yuqori malakali raqobatbardosh trener-o‘qituvchilar, mutaxassislar hamda ilmiy xodimlarni tayyorlash jarayonlarini yana-da takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov, Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Farxod Turdiyev, Universitet rektori Rashid Matkarimov, rektor maslahatchilari, univesitet prorektorlari, O‘zbekiston Milliy universiteti va Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti mas’ullari hamda xorijdan jalb qilingan mutaxassislar Germaniyaning Kyoln sport universiteti professorlari Georgiy Korobeynikov hamda Lesia Korobeynikova, Pekin sport universiteti professori Yang Binsheng, Koreyalik olim Kim Er Jung ishtirok etdi.
Tadbirda universitetning barqaror rivojlanishi, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish masalalari, shuningdek, O‘zbekistonda sport ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish dasturlari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Sport vazirligi mas’ul hodimi Muqimjon Arziqulov tomonidan O‘zbekistonda talabalar sportini yangi tizim asosida tashkil qilish hamda sport faoliyati ta’lim yo‘nalishini takomillashtirish masalalari bo‘yicha taqdimot qilindi.
Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonda talabalar sportini yana-da rivojlantirish, oliy ta’lim muassalari sport klublari tarmog‘ini kengaytirish va talabalar sport ligalari sonini ko‘paytirish orqali 2024-2027 yillarda talabalarni bosqichma-bosqich sport bilan qamrab olish darajasi
45 foizga yetkaziladi.