Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Arslon Ilov hamda uning shogirdlari, O‘zbekistonda birinchi dzyudo bo‘yicha sport ustasi Malik Anorbayev va sport ustaligiga nomzod Bekpo‘lat Nazarovlar hamrohligida uch avlod uchrashuvi doirasida “Mahorat darsi” tashkil etildi.
Unda professor A.Ilov sportda erishiladigan natijadorlik nafaqat mamlakat taraqqiyoti va rivoji uchun xizmat qilishi, balki jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini balandlarga ko‘tarishda har bir sportchidan yuksak matonat, iroda va salohiyat ham talab qilishi to‘g‘risida alohida qayd etdi. Shuningdek, uchrashuv davomida ustoz-shogirdlar tomonidan mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bunday mashg‘ulotlar esa talaba-yoshlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlash yo‘lida katta tajriba vazifasini o‘tadi.