O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari Sport Korpusi (KAFAC) vakillari tashrif buyurishdi.
Dastlab faxriy mehmonlar ishtirokida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvi va professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish tizimi borasida xalqaro aloqalar o‘rnatish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi harbiy attashesi Park An Seo, Qurolli kuchlar Atletik Korpusi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Park Hyeon Cheol, Qurolli Kuchlar Atletik Korpusi Mashg‘ulot boshlig‘i, mayor Lee Sang Hoon, Mudofaa vazirligi Sport hamkorlik bo‘yicha ofitser vazifasini bajaruvchi polkovnik Oh Heon Seok, professor Baek Mun Jong hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori M.Boltabayev boshchiligidagi rahbariyat jamoasi ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan yurtimizdagi jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan e’tibor yuksak baholandi. Shuningdek, boks, taekvondo, kurash, o‘q otish, regbi va boshqa sport turlarini rivojlantirish, ular bo‘yicha o‘zaro hamkorlik asosida malakali kadrlarni tayyorlash kabi bir qator masalalar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama kelishuvni tayyorlash masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Uchrashuvdan so‘ng faxriy mehmonlar uchun oliygoh hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.