#karyera_kuni
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirni universitet rektori, professor Rashid Matkarimov ochib berdi. Shundan so‘ng, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi mas'ul hodimi Muqim Arziqulov va Xalq deputatlari, Chirchiq shahar kengashi deputati Yunus Rustamovlar soʻzga chiqib, bitiruvchi kurs talabalariga kasb tanlashda e'tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdilar.
Mehnat yarmarkasida Sport vazirligi va vazirlik huzuridagi sport ta’lim muassasalari, Chirchiq shahar hokimligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi, Chirchiq shahar, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, assotsiatsiyalar, sport maktablari, hududiy sportni rivojlantirish boshqarmalari hamda boshqa 100 ga yaqin hamkor tashkilot va muassasalar o‘zlarining 900 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Oʻz navbatida ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot va korxonalarga universitet tomonidan joriy oʻquv yilida universitetni tamomlayotgan jami 3090 nafar, shundan kunduzgi ta’limda 1881 nafar, sirtqi ta’limda 1195 nafar, magistratura bosqichida 14 nafar bitiruvchi kurs talabalari haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.
Shu bilan birga, universitetning mavjud ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha talabalar bilim va o‘zlashtirish darajasiga qo‘yiladigan talablarni asosiy kadrlar buyurtmachilari bilan birgalikda ishlab chiqish masalalari ham koʻrib chiqildi.
“Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri yakunlari boʻyicha ish beruvchilar tomonidan 2250 nafar talabalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularning ishga joylashish, amaliyot oʻtash uchun yoʻllanmalar berildi, 200 nafarga yaqin bitiruvchi kurs talabalari bilan esa ishga joylashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi universitet bitiruvchhi kurs talabalarining ish bilan ta’minlanish darajasi yuqori bo‘lishiga xizmat qildi.