Bugun dunyodagi millionlab insonlar turli virusli kasalliklar bilan kurashmoqda. Bunday kasalliklar yildan yilga kuchayib, nafaqat odamlarning salomatligi, balki davlatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ham katta zarar yetkazayotgani ayni haqiqat.
Ayniqsa, o‘zining salbiy oqibatlari bilan qanchadan qancha oilalarning tinch va farovon hayotiga raxna solayotgan, qolaversa insoniyatning eng dolzarb muammolaridan biriga aylangan OIV infeksiyasini ana shunday virusli kasalliklar qatoriga qo‘shish mumkin.
Xo‘sh, OIV nima? OIV bu – odamning immunitet tanqisligi virusi bo‘lib, u odamda kasallikka chidamlilikning yetishmasligiga olib keladi. OITS esa bu infeksiyaning natijasidir. Infeksiyasining asosiy yo‘llari yaqin muloqotda bo‘lish, in’eksiya orqali giyohvand moddalarni iste'mol qilish va onadan bolaga yuqishidir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yil yakuni bo‘yicha dunyo bo‘ylab OIV bilan kasallanganlar soni 37,5 million kishini tashkil qilgan. Shundan 36 millioni kattalar (15 yosh va undan katta) va 1,5 millioni bolalar (0-14 yosh) hisoblanadi. Ayollar va qizlarda bu ko‘rsatkich 53 foizga teng. Eng achinarslisi, 15 va undan katta yoshdagi kattalarning 77 foizi hamda 0-14 yoshdagi bolalarning atigi 57 foizi davolanish imkoniyatiga ega.
O‘zbekistonda esa Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga asosan, 2023-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda OIV infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 45215 nafar bo‘lib, shundan 24 ming 601 nafari erkaklar, 20 ming 614 nafari ayollardir. Xususan, joriy yilda O‘zbekistonda OIV infeksiyasining 1083 ta yangi holati aniqlangan, bu 2022-yilga nisbatan 10,5 foizga kamdir.
Boshqalaridan farli o‘laroq, mazkur kasallikning eng xavfli tomoni uning davosi yo‘qligi va u bilan kasallangan bemorlar doimiy ravishda maxsus preparatlarni qabul qilib yurishlari zarur. Shuningdek, OIV infeksiyasi dunyoda o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biri hisoblanib, 2022 yilda taxminan 680 ming kishi OITS bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etdi.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda OIV infeksiyasiga qarshi kurashish sezilarli darajada yuqorilab, sohada qator yutuqlarga erishildi. Misol uchun, yangi OIV infeksiyalari soni 1995-yildan buyon 59 % ga kamaydi. Jumladan, O‘zbekiston hukumati OIV infeksiyasiga qarshi kurashga katta e’tibor qaratgan holda, OIV/OITSga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy dastur qabul qilindi.
Dasturdan kelgusida OIV infeksiyasining oldini olish choralarini kuchaytirish, OIV bilan yashayotgan shaxslarni testdan o‘tkazish, davolash va ularga g‘amxo‘rlik qilish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek, OIV bilan bog‘liq stigma va diskriminatsiyani kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi maqsadli ko‘rsatkichlar o‘rin olgan.
Bir so‘z bilan aytganda, umrning har bir davri ayniqsa, yoshlik eng nozik va takrorlanmas davrdir. Shunday ekan uni behuda ishlarga sarf qilmaslik, ayniqsa yoshlarimizni bunday illatlardan yiroq tutishimiz, ularni hamisha sog‘lom hayot tarafdori bo‘lib, muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishga undamoq kerak. Zero, sport insonga nafaqat tan sog‘lig‘i, balki ruh salomatligini ham in’om qiluvchi beqiyos tuhfadir!