#ilmiy_anjuman
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida soha rivojiga qaratilgan “Jismoniy tarbiya, sport sohasidagi muammolar, yechimlar va istiqbollar” mavzusida navbatdagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Universitetning Jismoniy tarbiya, sport nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor B.Musayev, kafedra mudiri Dj.Umarov, professor F.Kerimov, o‘qituvchilar, yosh olimlar, magistrant va talabalar ishtirok etishdi.
Anjuman davomidagi sport fanining mazmuni va istiqbollari, sportchini ovqatlanishi tashkil qilish tamoyillari, shuningdek, yosh sportchilarning harakat faolligi, funksional holati va jismoniy tayyorgarligini innovatsion texnologiyalar bilan baholash yordamida sport turlariga maqsadli saralash kabi mavzularda qilingan taqdimotlar anjuman qatnashchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
Yakunda taqdimotlar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi hamda kafedra o‘qituvchisi Duryod Egamovga Oʻzbekiston Respublika "Ilm-fan qanoti" markazi tomonidan “Ta’lim iftixori” esdalik nishoni topshirildi.