Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ota-onalar hamda oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda kelgusida bajariladigan vazifalarni belgilab olishga qaratilgan navbatdagi “Ota-onalar forumi” Sportni boshqarish fakulteti tomonidan o‘tkazildi.
Dastlab, talabalarning oila a’zolari uchun universitet bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi va ularga oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi. Qayd etish kerakki, yuqori saviyada ko‘rilgan tayyorgarlik hamda fakultet faoliyatini keng yoritib beruvchi ko‘rgazmalarning tashkil etilganligi ota-onalarda katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, isteʼdodli talabalarning musiqiy dasturi, ular ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari forumga o‘zgacha fayz kirtidi. O‘z navbatida, ota-onalar tomonidan ham oliygohda farzandlarining xorijiy tillarni o‘rganishga qaratilgan to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi asosli takliflar bildirildi. Forum yakunida esa talaba-yoshlar o‘z yaqinlariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
Eslatib o‘tamiz, Sportni boshqarish fakulteti “Ota-onalar forumi”ni yakunlab berdi.