Bugun 9 fevral — buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat hamda jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludiga 582 yil to‘ldi.
So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy zullisonayin (ikki tillik) shoir bo‘lib, turkiy va forsiy tillarda g‘azallar bitgan. Uning nazmiy asarlari 120 ming baytdan ortiqdir. “Xamsa” esa shoirning shoh asari hisoblanadi.
Mir Alisher Navoiy butun umrini faqatgina ijodga emas, balki xalq farovonligi, yurt tinchligi yo‘lida bunyodkorlik, ezgulik va xayr-saxovat ishlariga ham alohida e’tibor qaratgan. Bobokalonimiz Hirotda, qolaversa Xurosonning ham barcha viloyatlarida ko‘plab xayriya uylari, ko‘priklar, rabot va hovuzlar barpo ettirgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Navoiy o‘z davrida zamondosh shoirlar, olimlar va san’at ahlining moddiy va ma’naviy ko‘makchisi, san’at hamda adabiyotning haqiqiy homiysi bo‘lgan!