Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining qator sessiyalarida so‘zlagan nutqlarida bir qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Mazkur tashabbuslarni bir ovozdan qabul qilinayotgani esa, Prezidentimizni nafaqat mamlakatimiz yoki Markaziy Osiyo, balki butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni ilgari surayotganidan dalolat beradi.
Joriy yil 11 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi. Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy natijasi bo‘ldi.
Eng muhimi, mazkur Rezolyutsiya milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar tomonidan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangicha tashqi siyosatning yutug‘i va mantiqiy davomi sifatida e’tirof etilmoqda.
2021 yil 21 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida Prezidentimiz Toshkent shahrida 2021 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan haqida ma’lum qilgan edi.
Ta’kidlash joizki, bu BMT tomonidan qabul qilingan Prezidentimizning birinchi tashabbusi emas. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 5 ta rezolyutsiyasi qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston yetakchisi 2017 yil 19 sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi bir ovozdan qabul qilingan edi.
O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi – barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini taqdim etish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat. Hujjatda “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik”ka ham chaqirilgan.
Yana bir muhim jihat. BMT Bosh Assambleyasining O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyalaridan to‘rttasi – Markaziy Osiyo mintaqasiga bevosita taalluqli bo‘lsa, bittasi Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi asosida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining ushbu yangi rezolyutsiyasi nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari, balki butun Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu hujjat ikki mintaqa o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida yangi davrni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, mazkur hujjat kelajakda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan ta’lim, fan, sport yo‘nalishidagi aloqalarni yanada kengroq rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda, albatta yurtimiz oliy ta’lim muassasalari hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligida, ayniqsa, sportni rivojlantirishda katta ijobiy hissa qo‘shadi.
E’tiborlisi, rezolyutsiya nafaqat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi, balki dunyoning turli qit’alarida joylashgan 40 ga yaqin mamlakat hammuallifligida qabul qilindi. Bu davlatimiz rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilganining ifodasi bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh maslahat organi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada ushbu oliy darajadagi konferensiya o‘tkazilishi va uning yakunida ikki mintaqa tashqi ishlar vazirlari tomonidan ma’qullangan qo‘shma bayonot yuksak baholangan.
Bundan tashqari, qarorda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda hududiy tashkilotlarning muhim o‘rni e’tirof etilgan. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Prezidentining 2022 yilni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida “O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili”, deb e’lon qilish bo‘yicha tashabbusiga yuqori baho berilgan.
Rezolyutsiyada Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatishdagi roli, shuningdek, mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida ushbu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvining muhimligi ham urg‘ulangan.
Hujjatda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida qashshoqlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, transport infratuzilmasini kengaytirish, dengiz portlariga qulay, barqaror va xavfsiz yo‘nalishlarni ochadigan yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha asosiy qoidalar o‘z ifodasini topganini alohida ta’kidlash lozim.
Rezolyutsiya, shuningdek, BMTga a’zo barcha davlatlarni Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik hamda xavfsizlikka umumiy tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqiradi.
Mazkur rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingani O‘zbekiston rahbariyatining ikki mintaqa o‘rtasida tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Mahmud BOLTABOEV,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti rektori.
O‘zA