Barchangizni 27-iyun – Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbdan muborakbod etaman! Hayotimizning ko‘zgusi hisoblanmish matbuot egalarining Yangi O‘zbekistonning, yangi demokratik qiyofasini shakllantirishda tinmay mehnat qilishlari tahsinga sazovor. Jamiyatda o‘z mavqeyiga ega bo‘lgan, hayot muvozanatini bir maromda saqlab turguvchi sizday qadrli jurnalistlarga qalbimdagi ezgu tilaklarimni yetkazish menga katta quvonch bag‘ishlaydi.
Bugun hech bir soha, hech bir tashkilot yo‘qki, ommaviy axborot vositalari kirib bormagan. Aynan ular orqali jamiyatdagi insonlar atrofimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, turli voqea-hodisalar, davlatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida bilib, tanishib boradi. Shu sababdan ham ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlatni uzviy ravishda bog‘lab turuvchi ko‘prik misoli. Jurnalistlar esa ana shu ko‘prik doimo mustahkam bo‘lishini ta’minlaydigan haqiqiy jasorat egalaridir. Qaysidir ma’noda, sizlardagi kuchli iroda, kutilmagan vaziyatlarda o‘zingizni yo‘qotmasdan to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz, axborotni epchillik va chaqqonlik bilan yetkazishingiz sportchilarga xos xislatlarni namoyon etadi, go‘yo!
So‘nggi vaqtlarda, ommaviy axborot vositalarining nafaqat son, balki sifat jihatdan ham bir necha barobar ortib borayotgani hech kimga sir emas. Bu esa ushbu sohada rivojlanish va o‘zgarishlar izchil ravishda davom etayotgani, shu bilan birga, ularning axborot olish borasidagi huquqiy asoslari yaratilayotganini ko‘rsatadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, – “Bugun biz dunyodagi uzoq-yaqin davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, yurtimizdagi demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga intilar ekanmiz, boshqa sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyati bo‘yicha ham hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tushunamiz. Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi”.
Shuningdek, bugungi kunda media maydonimizda nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog‘i kengayib, sezilarli darajada ijobiy faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular qatorida internet jurnalistikasining ham tez sur’atlarda rivojlanishi fuqarolarimizning axborotga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli ravishda qondirmoqda hamda ommaviy axborot vositalari orqali taqdim etilayotgan materiallarning oshkorolik, holis va tanqidga yo‘g‘irilishini barcha bir ovozdan qo‘llamoqda desak, xato bo‘lmaydi.
Qadrli, Matbuot xodimlari!
Sizlarni yana bir bora bugungi kasb bayramingiz bilan samimiy qutlab, kelgusi faoliyatingizda ulkan zafarlar, oilaviy xotirjamlik va doimiy sog‘lik tilayman. Yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi sharafli xizmatingizdan hech qachon tolmay, hamisha olg‘a intiling deb qolaman, aziz jurnalistlar!
Mahmudjon Boltabayev,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti rektori, professor