Bugun universitetimizga joriy yil 19-21 may kunlari Toshkent shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha vazirlik hamda idoralari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishni ko‘zlagan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Sergey Seyranov tashrif buyurdi.
Tashrif davomida faxriy mehmon universitet hududi, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv auditoriyalari, sport zallari va ularda tashkil etilgan mashg‘ulotlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari bilan samimiy muloqotda bo‘ldi.
Muloqot yakunida har ikkala oliy ta’lim muassasalari memorandum imzolash, sport sohasida yangi turdagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar o‘tkazish va innovatsion ta’lim texnologiyalari bo‘yicha professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish kabi istiqbolli rejalarni belgilab olishdi.