Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan taminlash maqsadida “Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
Unda Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari, hududiy sportni rivojlantirish boshqarmalari, bandlikka ko‘maklashish markazlari, sport federatsiyalari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, DMTT, umumta’lim maktablari, korxona, tashkilot va firmalarning rahbarlari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etishdi.
“Kareyra kuni” tadbirida ishtirokchilarga universitetning fakultet va kafedralari, o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlaridagi innovatsiyalar, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashning eng diqqatga sazovor tomonlari yoritib berildi. Shuningdek, 40 dan ortiq tashkilot 2000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Ushbu tashkilotlar bakalavriyat va magistraturaning bitiruvchi kurs talabalari bilan ishga joylashish hamda kasbga yo‘naltirish borasida muloqotlar olib borishdi. Birgina, Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi o‘zining 300 ga yaqin ish o‘rinlari bilan ishtirokchilarni tanishtirib o‘tdi. Tadbir davomida talabalar nafaqat o‘z mutaxassisliklari, balki boshqa sohalar bo‘yicha ham ishlash istagini bildirdilar.
Mazkur tadbir, bitiruvchi kurs talabalarining hayotida alohida ahamiyat kasb etib, ularning ish bilan ta’minlanish darajasi yuqori bo‘lishiga xizmat qildi.
O‘zDJTSU axborot xizmati