Bugun, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy besh kurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti o‘rtasida ot sportini yana-da takomillashtirishda o‘quv-mashg‘ulotlarini, ilmiy-uslubiy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirda bir vaqtning o‘zida 3 ta sport federatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Bahrom Gaziyev, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Nodirbek Ibragimov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Kamil Bayazitov, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori Rashid Matkarimov hamda OAVlari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur Memorandum mamlakatimizda ot sportini yana-da rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4877-son, 2021 yil 11 martdagi “Yilqichilik va ot sportini yana-da rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5024-son hamda 2021 yil 5 avgustdagi “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-5211-son qarorlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, bevosita milliy terma jamoalar bilan ishlash, o‘quv-mashg‘ulotlarni ilmiy asosda tashkil qilish va trenerlar malakasini oshirish, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining ot sporti ixtisosligi bo‘yicha taʼlim olayotgan talabalarni istiqbolda yuqori malakali kadr etib tayyorlash, iqtidorli talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarni dolzarb muammolar yechimiga yo‘naltirilgan mavzular asosida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda federatsiya bilan hamkorlik qilish maqsadida tuzildi.
“Ushbu hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va talabalarning tajriba almashishlarini, ilmiy amaliyotlarini va ularning federatsiyalar muammolarini chuqur tahlil qilishlarini tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish, bitiruvchi talabalarni bitiruv oldi amaliyot, ishga yo‘llash masalalarining o‘zaro manfaatli shakllarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda” - deydi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori, professor R.Matkarimov.
Tadbirda taʼkidlanganidek, o‘zaro manfaatli hamkorlikda ot sporti, polo va zamonaviy beshkurash bo‘yicha o‘tkaziladigan ilmiy va amaliy seminarlar, konferensiyalar, fundamental va amaliy tadqiqotlar, ilmiy loyihalar, shuningdek, nashrga tayyorlanadigan o‘quv adabiyotlari, video materiallar albatta kelajakda o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatadi.
Maʼlumot uchun: Ayni paytda Universitetda ot sporti taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha 117 nafar talaba tahsil olmoqda. Talabalarning 17 nafari ot sporti bo‘yicha terma jamoa aʼzosi hisoblanadi.
O‘zDJTSU matbuot xizmati