Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumiga start berildi.
Unda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faxriy ustozlar, universitet rahbariyati, taniqli murabbiylar, O‘zbekiston iftixorlari Bahodir Jalolov, Ruslan Nuriddinov, Laylo Sobirova, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Taxmina Ikromova, singari 40 ga yaqin mashhur sportchilar hamda iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etib, oliygohda kuzgi ko‘chat ekish jarayonlarini boshlab berdilar.
Ko‘tarinki kayfiyat va eng muhimi uyushqoqlik bilan boshlangan tadbir doirasida belgilangan maydonlarda “Faxriy ustozlar”, “Sportchilar” hamda “Iqtidorli talabalar” bog‘lari tashkil etildi. Ushbu maydonlarga 200 tupga yaqin manzarali va mevali ko‘chatlar, shuningdek turli gul navlari o‘tqazildi.