Joriy yilning 3-noyabrida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida talaba-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni katta hayot maktabiga tayyorlash maqsadida “Hayot maktabi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Bo‘ston dam olish maskani rahbari, uzoq yillar Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan Farida Akbarova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ustoz, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi, universitet professori Klara Shokirjonova, oliygoh Xotin-qizlar kengashi raisi Sh.Aliyeva, ayol o‘qituvchi va talaba-qizlar ishtirok etishdi.
Tadbirni universitet rektori M.Boltabayev ochib berdi. Shundan so‘ng, so‘z olgan F.Akbarova hamda K.Shokirjonovalar o‘zlarining mashaqqatli hayot yo‘li va unda orttirgan boy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. O‘z o‘rnida, ular tomonidan talaba-qizlarga nafaqat ilm sohasida, balki kelgusidagi oilaviy hayotda ham zarur bo‘lgan maslahatlar berilib, talaba-qizlarni qiziqtirgan savollariga javoblar qaytarildi. Shuningdek, F.Akbarova talaba-qizlarga badiiy kitoblar sovg‘a qildi.
Yakunda F.Akbarovaga universitet rahbariyati tomonidan mazmunli suhbat uchun minnatdorchilik bildirilgan holda, tashakkunoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.