Litva hukumati O‘zDJTSUga 110,7 ming yevro miqdorida grant ajratadi
O‘zbekiston elchisi Qadambay Sultonov Litva sport universiteti rektori maslahatchisi Saules Valasevichus bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Unda taʼlim sohasida amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, O‘zbekiston va Litva ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida elchi Litva tomonini mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining asosiy qoidalari bilan tanishtirdi. «Inson eʼtibor va sifatli taʼlim yili»da ushbu Davlat dasturida nazarda tutilgan eng muhim vazifalar haqida ham maʼlumotlar berildi.
O‘z navbatida, Saules Valasevichus Litva O‘zbekiston rahbariyatining taʼlim sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratayotganini qatʼiy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Uning aytishicha, bu mamlakatdagi islohotlarning keyingi bosqichida muhim muvaffaqiyat omili hisoblanadi.
Muloqot chog‘ida Litva hukumati O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga 110,7 ming yevro miqdorida grant ajratish masalasini qo‘llab-quvvatlagani maʼlum qilindi.
Grant mablag‘lari universitetning doktorant va yosh tadqiqotchilari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, ikki davlatning mazkur hamkor sport universitetlari mutaxassislari, professor-o‘qituvchilari almashinuvini tashkil etish uchun yo‘naltiriladi.
Qayd etish joizki, bu O‘zbekistonga ajratilayotgan ikkinchi Litva taʼlim grantidir. Xususan, yanvar oyida Litva tomoni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga O‘zbekiston taʼlim va sport muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, sportchilarni tayyorlash, murabbiylar va pedagogik kadrlar tayyorlash va sport taʼlimining uslubiy dasturlarini takomillashtirish hamda seleksiya darajasini oshirishga qaratilgan 51,45 ming yevro miqdorida grant ajratgan edi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan Litva sport universiteti o‘rtasidagi sportni ommalashtirish, sport taʼlimini yuksaltirish va sportchilar tayyorlash borasidagi Hamkorlik memorandumi bandlarini samarali amalga oshirish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Hujjat sport metodikasi, murabbiyni tayyorlash, sport tibbiyoti kabi yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston-Litva oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.