Joriy yilning 23-iyun kuni Toshkent shahridagi Turkiston san’at saroyida “Universiada – 2022” sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov boshchiligidagi mas’ullar, hamkor tashkilotlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, musobaqa ishtirokchilari qatnashdi.
Aytish joizki, bu yilgi “Universiada – 2022” sport musobaqalari avvalgilaridan farqli ravishda yangi tartib asosida tashkil etildi.
Musobaqalarning respublika final bosqichlari 15 ta sport turi boʻyicha 2022-yil 5-sentabrdan 2023-yil 31-mayga qadar 10 oy mobaynida respublikaning barcha hududlarida navbatma-navbat yuqori saviyada oʻtkazildi.
Musobaqalarda jami (1-4 bosqichlarda) 96 683 nafar talaba-yoshlar (shundan 32 475 nafari ayollar) ishtirok etib, yakkalik va jamoaviy bahslarda g‘oliblik uchun qizg‘in kurashishdi.
Yakuniy natijaga ko‘ra, “Universiada – 2022” sport musobaqalarining umumjamoa hisobida:
1-oʻrin Toshkent viloyati;
2-oʻrin Xorazm viloyati;
3-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy terma jamoalari vakillari qoʻlga kiritgan.
G‘olib va sovrindorlarga Prezident sovg‘alari tantanali topshirildi.
Shuningdek, 1-o‘rinni egallagan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Chirchiq davlat pedagogika universitetining iqtidorli talaba-yoshlaridan iborat Toshkent viloyati jamoasi universitetimiz jamoasi tomonidan ham munosib kutib olindi.
Tadbir universitet rektori M.Boltabayevning kirish so‘zi bilan boshlandi. Rektor o‘z so‘zida yil davomida yakdillik va bir jamoa bo‘lib harakat qilgan, qolaversa chekilgan mashaqqatlar o‘z samarasini berib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz hamda ularning murabbiylarini erishgan yutuqlari bilan samimiy qutladi. Shu o‘rinda, g‘oliblar va ularning tengdoshlari tomonidan aytilgan iliq fikrlar, sho‘x kuy-qo‘shiqlar ham tadbirga yanada o‘zgacha fayz kiritdi.