Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Qishki sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tomonidan “Qishki olimpiya va paralimpiya sport turlarida zamonaviy ilm-fan” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn anjuman tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi ijrochi direktori X.Yunusov, universitet Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori J.Zarifboyev, Qishki va murakkab-texnik sport turlari fakulteti dekani S.Davletmuradov, Qishki sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri A.Karimov, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda onlayn tarzda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xorijiy mutaxassislar ishtirok etishdi.
Dastlab, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘quv-mashg‘ulotlari, ilmiy-uslubiy va innovatsion texnologiyalar asosida qishki sport turlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi. Shundan so‘ng anjuman o‘z ishini boshladi hamda unda bir guruh mutaxassislar tomonidan qishki sport turlarini rivojlantirish tendensiyalari, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash muammolari va istiqbollari kabi muhim mavzularda taqdimotlar qilinib, ular bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.
Anjuman yakunida esa o‘zining dolzarb mavzulari bilan ishtirok etishgan taqdimot egalariga sertifikatlar topshirildi.