Yurtimizda milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini targ‘ib qilish va ommalashtirish, bolalar va o‘smirlarni ularga keng jalb qilish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish maqsadida muayyan ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lamini kengaytirish, kadrlar tayyorlash va yosh olimlarni ushbu yo‘nalishga jalb qilish belgilab olindi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 3 noyabrdagi 414-sonli qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti hamda O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi o‘rtasida o‘quv-mashg‘ulotlari, ilmiy-uslubiy va innovatsion texnologiyalar asosida milliy ot sportini yana-da rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur tadbirda Jahon ko‘pkari assotsiatsiyasi prezidenti Erkin Abzalov, O‘zbekiston uloq-ko‘kpar federatsiyasi raisi Nabi Djurayev, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Anvar Xodjayev, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori Mexriddin Mirjamolov va ushbu tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida o‘zaro tajriba almashinuv tadbirlarini tashkil etish, mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, uloq-ko‘pkari sportining tarixiy, ilmiy-nazariy asoslarini tadqiq qilish, bu bo‘yicha ilmiy seminar va konferensiyalar o‘tkazish, mahalliy va xalqaro grantlarda ishtirok etish, shuningdek, o‘quv adabiyotlarini nashrga tayyorlash va chop etish masalalari muhokama etilib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.