Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Chirchiq shahar hokimligi hamda Axborot texnologilayalarini rivojlantirish vazirligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan “Chirchiq shahrini innovatsion hududga aylantirishga bag‘ishlangan IT – startaplar namoyishi kuni (DEMO DAY)” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Chirchiq shahar hokimining Innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxodir Abduraxmanov, hokimning Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yulduz Jumayeva, Axborot texnologiyalarini rivojlantirish vazirligining toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilmurod Raxmatullayev, IT-park Toshkent viloyati filiali rahbari Sarvar Pirnazarov, Xalq deputatalari Chirchiq shahar kengashi deputati Alisher Abdullayev, Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi “Yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi” boshlig‘i Shohjaxon Kamilov, universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.Musayev, IT sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va yosh dasturchilar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Chirchiq shaharini innovatsion hududga aylantirish borasida olib borilayotgan ishlar hamda yoshlarni IT sohasiga yo‘naltirish, ular tomonidan yaratilayotgan turli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar yuritildi. Shuningdek, bir qancha yosh dasturchilarning “Data Vision”, “Hair Cut”, “Avto Qulay”, “Smart Radar”, “AR Market” nomlarida yaratgan turli stratap loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyihalarning aksariyat qismi savdo-sotiq, xususiy biznes va tadbirkorlik hamda ishlab chiqarish singari zaruriy sohalarda qulaylik yaratishga mo‘ljallanganligi bilan muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. Har bir taqdimot so‘ngida esa ular yuzasidan savol-javoblar o‘tkazilib, yakuniy xulosa va takliflar bildirildi.
Yakunda faol ishtirok etgan barcha yosh dasturchilarga tashkilotchilar tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.