Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Chirchiq shahar hokimligi tashabbusi bilan Chirchiq shahrida o‘tkazilayotgan Innovatsion haftalik doirasida “Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi innovatsion metodika va mahsulotlar” mavzusida talabalar, magistrantlar va doktorantlar uchun ilmiy seminar tashkil etildi.
Unda Chirchiq shahar hokimining Innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Abduraxmanov, universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori B.Musayev, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchi olimlar qatnashishdi.
Dastlab oliygoh professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari tomonidan ishlangan ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, hokimlik vakili tomonidan bugungi kunda yoshlarni ilmiy-texnik, innovatsion hamda “startap” loyihalariga jalb etish, ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni moliyalashtirish va grantlar ajratish, yosh olimlarni yaratgan loyihalari asosida xorijga borib, qisqa muddatli stajirovka o‘tab kelishlari, shu bilan birga mazkur loyihalarni amaliyotga tadbiq etish borasida katta imkoniyatlar mavjudligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Undan tashqari seminar davomida talaba-yoshlarga yaratilgan ilmiy ishlanmalar yuzasidan taqdimotlar qilinib, ularning ahamiyati to‘g‘risida yana-da kengroq maʼlumotlar berib o‘tildi. Ushbu seminarning yana bir ahamiyatli jihati, talabalarga faqatgina maʼlumot berish yoki ularni shu sohaga qiziqtirish bilan cheklanmasdan “startap” loyihalarini qanday boshlash mumkinligi, buning uchun nimalarga eʼtibor qaratishlari zarurligini amaliy tarzda ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilar bilan davra suhbati ham o‘tkazildi.
O‘z navbatida talaba-yoshlar ham jismoniy tarbiya va sport ilmiga oid bir qancha asosli takliflarni bildirib o‘tishdi.