Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mamlakatimizda sport boʻyicha yuqori malakali mutaxassis murabbiylarni tayyorlaydigan yagona tayanch oliy taʼlim dargohi hisoblanadi. Jismoniy tarbiyaga boʻlgan ehtiyoj, mahalliy xalq orasidan jismoniy tarbiya xodimlarini tayyorlashga boʻlgan zarurat tufayli 1935-yilda Toshkentda jismoniy tarbiya texnikumi ochildi.
Biroq oʻsha davrlarda yuqori malakali mutaxassislar Moskva, Leningrad kabi shaharlarda tayyorlanar va isteʼdodli yoshlar shu shaharlarga borib oʻqishga majbur edilar. 1949-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedogogika instituti, 1951-yilda Fargʻona davlat pedagogika institutida oliy maʼlumotli jismoniy tarbiya oʻqituvchilarini tayyorlaydigan fakultetlar tashkil etildi. Ammo jamiyatda yigit-qizlarning muntazam sport – sogʻlomlashtirish bilan shugʻullana boshlagani mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini yanada kuchaytirdi. 1955-yilga kelib Respublika oliy oʻquv yurtlari, maktablar va sport tashkilotlarida bor-yoʻgʻi 247 nafar oliy ma’lumotli jismoniy tarbiya maʼlumotiga ega boʻlgan mutaxassislar ishlar edi xolos. Shuning uchun zudlik bilan yuqori malakali sport trenerlari, sport hakamlari, jismoniy tarbiya va ishlab chiqarish jismoniy tarbiyasi boʻyicha mutaxassislar, taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, sportchi-yoʻriqchilar va ilmiy xodimlarni tayyorlash muammosini zudlik bilan hal etish zarur edi. Eng katta muammo jismoniy tarbiya harakatining ommaviy tus olishida mahalliy kadrlarning yetishmasligi hamda qishloq joylarida jismoniy tarbiyaning sust rivojlanishi edi. Xullas, jismoniy tarbiya harakatini takomillashtirish, sifat jihatdan tamomila yangi mutaxassislar avlodini tarbiyalash, mahalliy xalq vakillarining sport musobaqalarida faol ishtirokini taʼminlash zarurati sabab 1955-yil 13-avgustda sobiq Ittifoq hukumatining 5972-sonli farmoyishi, Oʻzbekiston SSR Ministrlar Kengashining 27-oktyabrdagi 653-sonli qarori bilan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti tashkil etildi.
2018-yil universitet tarixida tub oʻzgarish va yangilanish davri boʻldi. Avvalo, tarix zarvaraqida yangi sahifa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 5-martdagi PF-5368-sonli Farmoniga binoan Jismoniy tarbiya va sport instituti negizida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 3-maydagi 331-sonli qarori yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Universitetda 3 ta bakalavriat va 8 ta magistratura hamda 4 ta tayanch doktarantura yo'nalishlari mavjud. Hozirgi kunda universitetda 23 ta kafedra, shuningdek, magistratura, sirtqi va maxsus sirtqi boʻlimlar mavjud hamda O‘zbek-Blarus qo‘shma o‘quv dasturi asosida o‘quv-mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Hozirda universitetning 2 ta filiali faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda universitetda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Universitetda jami 10256 nafar (davlat granti boʻyicha 1823 nafar, shartnoma boʻyicha 2435 nafar) talabalar tahsil olmoqda. Kunduzgi bo‘limda 4300 nafar (davlat granti bo‘yicha 1823 nafar, shartnoma bo‘yicha 2435 nafar), magistraturada 48nafar (davlat granti bo‘yicha 48nafar, shartnoma bo‘yicha 48nafar) talabalar soni tahsil olmoqda. Sirtqi ta’lim bo‘yicha talabalar soni 6128 nafarni . O‘zbek-Belarus qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakultetining jami talabalari soni 86 nafar, shundan 21 nafari bakalavriyat ta’lim yo‘nalishi va 65 nafari magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
ILMIY SALOHIYAT
Universitetda jami asosiy shtatda 474 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Shulardan: fan doktori, professorlar – 13 nafar (shundan 1 nafari ayol-o‘rtacha yosh-41,7), fan doktori, dotsentlar – 6 nafar (shundan - nafari ayol-o‘rtacha yosh-41,7); fan nomzodi, professorlar – 17 nafar (shundan 4 nafari ayol, o‘rtacha yosh 67,3), fan nomzodi va (PhD), dotsentlar – 51 nafar (shundan 17 nafari ayol, o‘rtacha yosh-38,9), fan nomzodlari va (PhD) – 31 nafar (shundan 7 nafari ayol, o‘rtacha yosh 38,1), ilmiy darajasiz professor – 7 nafar (shundan 1 nafari ayol o‘rtacha yosh-75), ilmiy darajasiz dotsentlar – 38 nafar (shundan 11 nafari ayol,o‘rtacha yosh-47,2). Jami ilmiy daraja va unvonlilar – 163 nafar. Ilmiy salohiyat asosiy shtatdagi professor-o‘qituvchilarga nisbatan 34,3 % ni tashkil etadi.
Universitetda DSc.03/30.2019.PhD.28.01 raqamli 13.00.04 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyati yangi tarkibda yo‘lga qo‘yildi. Mazkur Kengashda 2022 yilda 51 nafar (ulardan 5 nafari fan doktorlik DSc) dissertatsiya ishlarini himoya qilishgan bo‘lsa, 2023 yilda 43 nafar izlanuvchilar (ulardan 8 nafari fan doktorlik DSc, 35 nafari PhD) dissertatsiya ishlarini himoya qilishdi.
2023-2024 yillar davomida universitetda faoliyat olib borgan professor-o‘qituvchilarning 10 nafari professor hamda 40 nafari dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lishdi.Shuningdek, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha 4 ta ixtisoslikda 38 nafar doktorant, 258 nafar mustaqil izlanuvchilar ilmiy faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
XALQARO ALOQALAR
Universitet bugungi kunda jami 52 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari va 2 ta xalqaro tashkilot (Osiyo xokkey federatsiyasi hamda Xalqaro boks assotsiatsiyasi - IBA)lar bilan hamkorlik qilmoqda.
Shuningdek, 4 ta xorijiy universitetlar: Amerika Sport Akademiyasi, Pekin Davlat Sport Universiteti hamda Italiya “Foro Italiko” universitetlari bilan onlayn muloqotlar o‘tkazilib, hamkorlik masalalari kelishib olindi. Hozirda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti delegatsiyasi Malayziya davlatida xizmat safarida bo‘lib ushbu davlatning Pendidikan Sultan Idris universiteti bilan qo‘shma dasturlar olib borish borasida kelishuv olib bormoqda.
KUTUBXONA FONDI
Universitet Axborot resurs markazining fondi 49 578 nomda 222 962 nashr birligini tashkil qiladi. Shu jumladan: Ilmiy 23930 nusxada, O‘quv qo‘llanmalar 176690 nusxada, Badiy adabiyotlar 21067 nusxada. Boshqa adabiyotlar 1263 nusxada, elektron adabiyotlar 16252 ta, Brayl adabiyotlar 12 ta . To’liq matnli ma’lumotlar bazasi mavjud.
O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti xorijiy ilmiy dasturlardan: Web of Science, Ebsco, UzNel, Diss.natlib.uz, ibs.natlib.uz, Press.natlib.uz bazalaridan cheksiz foydalanish imkoniyatiga ega. Axborot-resurs markazida 3 ta o‘quv zali mavjud bo‘lib, o‘rindiqlar soni 130 tani tashkil etadi. Shundan: talabalar o‘quv zali 54 o‘ringa, professor-o‘qituvchilar o‘quv zali 16 o‘ringa, Madaniyat saroyidagi talabalar o’quv zali 60 o‘ringa mo‘ljallangan.