O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-martdagi PF-5368-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb ataladi) tashkil etilganligi;
Universitet jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va o‘qituvchi kadrlar tayyorlash, shuningdek, soha mutaxassislarini o‘qitish hamda tayyorlashning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha respublikaning bazaviy oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-metodik muassasasi hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro standartlar va kadrlar tayyorlashning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda tegishli yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish;
o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy qilish, yoshlarning sifatli oliy ta’lim olishlariga keng imkoniyatlar yaratish uchun yuqori darajada kasbiy pedagogik mahoratga ega bo‘lgan hamda sport sohasida yuqori natijalarni qayd etgan malakali, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan xalqaro toifadagi sport ustalari va trenerlarini ta’lim jarayoniga keng jalb etish;
talabalarning mustaqil tayyorgarligini chuqurlashtirishni hisobga olgan holda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni yanada optimallashtirish, ish beruvchilar ehtiyojidan hamda sportda yuqori natijalarni qayd etish talablaridan kelib chiqib, ularning kasbiy tayyorgarligini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv rejalarini, dasturlar va o‘quv-metodik materiallarni o‘quv jarayonida qo‘llash;
o‘quv, ilmiy va boshqa adabiyotlar, shu jumladan, xorijiy adabiyotlar fondini va sport sohasiga oid ta’lim resurslarini muntazam yangilab borish, o‘qitishning innovatsion metodlarini rivojlantirish, o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash, talabalar, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning sport faoliyatiga oid xalqaro axborot va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, amaliyot, stajirovka o‘tash tartibini takomillashtirish;
tizimli asosda pedagogik va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish, sport muammolarini qamrab olgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, shuningdek, tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda talabalarning akademik almashinuvini ta’minlash bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, tahliliy, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash;
Universitetning xalqaro reytingi va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish, sport faoliyatiga oid ijobiy xalqaro tajriba natijalaridan ta’lim jarayonida foydalanish, nazariy va amaliy bilimlarning sportda boshqaruv sohasi va trenerlik faoliyatida qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini sport tashkilotlari, ixtisoslashgan sport ta’lim muassasalari, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda jismoniy tarbiya va sport sohasining boshqaruv organlari bilan faol hamkorlik orqali ta’minlash;
Universitetning mavjud moddiy-texnika bazasi imkoniyati doirasida qo‘shimcha pulli xizmatlar (ijara, pulli o‘quv kurslari)ni yo‘lga qo‘yish orqali budjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilishni kengaytirish, iste’dodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) hamda respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha talabalar sport klublari hamda jamoalarini tashkil etish.
3. Quyidagilar:
2018 — 2021-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining kadrlar tayyorlash borasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilish, muammolarni aniqlash, har bir sport turi bo‘yicha sportchilar va jamoalarning tayyorgarlik tizimi dinamikasini hamda rivojlanish istiqbollarini belgilashga ko‘maklashish maqsadida Universitet tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda xodimlarning umumiy cheklangan soni 16 kishidan iborat bo‘lgan Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha maxsus ilmiy laboratoriya (keyingi o‘rinlarda laboratoriya deb ataladi) tashkil etilsin.
6. Quyidagilar laboratoriyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini va ularning jismoniy tayyorgarligini o‘rganish, jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;
sportchilarning turli darajadagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun sport turlari bo‘yicha terma jamoalarning o‘quv-metodik tayyorgarligini takomillashtirish, yuqori malakali sportchilar va zaxira sportchilarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tishi davrida kompleks ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
sportchilarning tayyorgarligini (jismoniy, texnik-taktik, funksional, psixologik) har tomonlama tahlil qilish va modellashtirish;
mashg‘ulot yuklamalarini tahlil qilish, kutilayotgan sport natijalariga erishishga qaratilgan sport tayyorgarligini rejalashtirish va dasturlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-texnik axborotlarni to‘plash, jismoniy tarbiya sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida yangi metodikalar va texnologiyalarning ilmiy ekspertizasini tashkil etish hamda ularni amaliyotda qo‘llash mumkinligi to‘g‘risida xulosalar berish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish;
professor-o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar, trenerlar, sportchilar va boshqa mutaxassislar uchun ilmiy-metodik, o‘quv-metodik adabiyotlar nashr etish.
7. Belgilansinki:
laboratoriyaning ilmiy va rahbar xodimlari mehnatiga haq to‘lash respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibiga muvofiq amalga oshiriladi;
laboratoriya buyurtmachi tashkilotlarning buyurtmalaridan kelib chiqib, sport sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini shartnoma asosida, buyurtmachi tashkilotning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshiradi.
8. Belgilansinki, Universitet O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
bir oy muddatda Universitetning ustavini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
2018-yil 1-avgustga qadar zarur o‘quv rejalari va dasturlari, o‘quv-metodik materiallar va qo‘llanmalar ishlab chiqilishini hamda ular Universitetning kafedralariga yetkazilishini ta’minlasin;
2018-yil 1-sentabrga qadar Universitetning bo‘limlari, fakultetlari va kafedralarini yuqori malakali mutaxassislar hamda professor-o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Universitetning yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi va qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.
11. Belgilab qo‘yilsinki, Universitetni saqlash xarajatlari 2018-yilda “Ta’lim” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2019-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
12. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
- to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
- xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
- jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
- xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V. Akmalov hamda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X. Isroilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh., 2018-yil 3-may, 331-son
🔷 HUJJATNING ELKTRON SHAKLINI YUKLASH ⬇️