Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroyda mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan taqdirlanganlarga davlat mukofotlarini topshirdi.
Mukofotlanganlar orasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti “Shaxmat” taʼlim yo‘nalishi talabasi Vohidov Shamsiddin ham “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonini shaxsan Prezidentimizning oʻzlaridan qabul qilib oldi.
– Har qanday mukofot bu avvalo, el-yurt eʼtirofi, Vatan ishonchidir. Bugun ko‘ksingizda yaraqlab turgan orden va medallar barchangizga buyursin, sizlarni yangi yutuq va marralarga chorlasin. Ilohim, mana shunday xursandchilik kunlarimiz ko‘p bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin, – deya tilak bildirdi Prezidentimiz.
Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
O‘zDJTSU Axborot xizmati