#adabiy_badiiy_tadbir
Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir. Ayniqsa, yoshlarni Alisher Navoiy hamda Bobur kabi buyuk allomalarimiz ilmiy merosi va durdona asarlarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish katta ahamiyatga ega.
Bugun, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida O‘zbek va chet tillari kafedrasi tashabbusi bilan Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlab “Ikki buyuk siymo” mavzusidagi adabiy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Milliy qadriyatlarimiz namunalari va sharqona kuylar sadosi ostida yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchilar uyushmasi a’zolari, shoir Bobur Bobomurod, filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Olim Toshboyev, O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov hamda universitet jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ilmiy-ijodiy merosi o‘zbek adabiyotida nechog‘lik katta ahamiyat kasb etishi, ular nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixi va adabiy-estetik tafakkuri rivojida ham alohida o‘rin tutishi, shuningdek, allomalarimiz asarlari o‘zida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olgani bois millionlab kitobxonlar qalbidan munosib joy egallaganini alohida qayd etishdi.
Tadbirning badiiy qismida esa talaba-yoshlar tomonidan sahnaviy chiqishlar, Alisher Navoiy va Bobur qalamiga mansub yod olingan g‘azallar, ruboiylar, milliy kuy-qo‘shiq va jozibador raqslar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
E’tiborlisi, milliylikka yo‘g‘rilgan mazkur tadbir oliygohga tashrif buyurgan Janubiy Koreyaning KYUNGDONG universiteti delegatsiyasi a’zolarida ham katta taassurot qoldirdi.