#xalqaro_anjuman
Ma’lumki, jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda ilmiy tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilashda ilmiy anjumanlar yuqori ahamiyatga ega.
Bugun, 8-noyabr kuni Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining FUTBOL NAZARIYASI VA USLUBIYATI KAFEDRASI tomonidan sohadagi yosh olimlar, mustaqil tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrant va talabalar ishtirokida futbol sport turini ommaviylashtirish va rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan yana bir xalqaro ilmiy anjuman tashkil etildi.
“Futbolda ilmiy-metodik ta’minlash ishlarini rivojlantirish yo‘llari” deb nomlangan mazkur anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, O‘zbekistonning Bursadagi Faxriy Konsuli Ali Baklan, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Odil Ahmedov, universitet prorektorlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda AQSh, Belgiya, Qozog‘iston, Malayziya singari xorijiy davlat mutaxassislari qatnashdi.
Anjuman Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudovning kirish so‘zi bilan boshlanib, u o‘z nutqida yurtimizda sportga, jumladan, futbol sportini har tomonlama rivojlantirish, uning xalqaro miqyosdagi o‘rnini yanada oshirish yuzasidin amalaga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib o‘tdi va anjuman faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng O‘zbekistonning Bursadagi Faxriy Konsuli Ali Baklanga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faxriy professori unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Qayda etish kerakki, o‘zbek futbolini rivojlantirishning dolzarb muammolari va yutuqlari borasida o‘zaro tajriba almashishga xizmat qilgan mazkur anjumanda: futbol sport turini ommaviylashtirish va rivojlantirishning dolzarb muammolari, futbolchilarni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish istiqbollari, iqtidorli yosh sportchilarni saralash, shuningdek, futbolchilarni tayyorlashning zamonaviy, ilmiy-uslubiy va tibbiy-biologik tizimini takomillashtirish masalalari kabi dolzab mavzularda taqdimotlar qilindi.
Shu bilan birga, xalqaro anjumanning faxriy mehmonlari universitet rahbariyati hamrohligida oliygoh tarix muzeyi va sport majmualarida o‘tilayotgan amaliy mashg‘ulot jarayonlarini kuzatdilar.
Yakunda eng yaxshi taqdimot egalari va anjumanning faol ishtirokchilariga maxsus sertifikatlar topshirildi.