#ochiq_chempionat
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygoh Sport klubi tomonidan tashkil etilgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan talaba-qizlar o‘rtasida ommaviy sport turlari bo‘yicha Universitet ochiq chempionati musobaqasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet rahbariyati, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar va taniqli san’at vakillari ishtirok etishdi.
Marosim oliygoh rektori Rashid Matkarimovning kirish so‘zi bilan boshlanib, u o‘z nutqida aholi salomatligi xususan, xotin-qizlar salomatligi uchun qayg‘urish mamlakatimizda ustuvor masala sifatida belgilab olingani, zotan, sog‘lom avlodgina yurt kelajagini ta’minlaydigan asosiy omil hisoblanishi, shu sababli mazkur musobaqa talaba-qizlarni ommaviy sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish vositasiga aylanishiga ishonch bildirdi.
Universitetning iqtidorli talabalari ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar hamda san’atkorlar tomonidan kuylangan sho‘x kuy-qo‘shiq va jozibador raqslar tadbirga o‘zgacha fayz baxsh etdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqalar joriy yil 28-fevral kuni boshlanadi.