Yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning qishki va murakkab-texnik sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilma yaratish, mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Kengashining 2021 yil 7 iyuldagi 12-sonli qaroriga muvofiq unversitetning yangi tahrirdagi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra fakultetlar soni 9 taga, mutaxassislik kafedralari soni esa 25 taga yetdi. Jumladan, Qishki va murakkab texnik sport turlari tarkibida Murakkab-texnik sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi ham yangi tashkil etilgan kafedralardan hisoblanadi.
Murakkab-texnik sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasida sport faoliyati (velosport, triatlon, biatlon va ot sporti) jami 4 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash belgilangan. 2021/2022 o‘quv yilidan mazkur kafedrada 20 nafar professor-o‘qituvchi o‘z faoliyatini boshladi. Kafedradagi professor-o‘qituvchilarning 2 nafari O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, 9 nafari milliy toifadagi hakam hisoblanadi. Ayni paytda kafedradagi yo‘nalishlar bo‘yicha 423 nafar talaba tahsil oladi. Ulardan 4 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 10 nafari sport ustasi, 100 nafarga yaqini sport ustaligiga nomzod sportchilar.
Murakkab-texnik sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasida o‘qish jarayonlari boshlagan bo‘lib, kuni kecha o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda master klass (ustoz saboqlari) ham tashkil etildi. Unda Chirchiq shahridagi 13-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham ishtirok etdi. Ushbu master klass o‘quvchilardan iliq taassurot qoldirdi.