Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida oliygoh rektori Maxmudjon Boltabayev bilan talaba-qizlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida universitet rektori talaba-qizlar o‘rtasida suitsidning oldini olish, ularni atrofdagi salbiy va yod g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan hamisha ogoh bo‘lishlari borasida so‘z yuritib, o‘z navbatida talabalar turar joylaridagi ichki tartib va tozalikka ham qat’iy rioya qilishlari zarurligini alohida qay etdi. Shuningdek, o‘quv jarayonlari va mashg‘ulotlar hamda TTJlarida yuzaga kelayotgan ayrim muammolar ham tinglandi.
Eng ahamiyatlisi, samimiy suhbatga ulanib ketgan uchrashuvda talaba-qizlar tomonidan bildirilgan bir qator takliflar, xususan: universitetda “Talabalar bog‘i”ni yaratish, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlovchi “Qizlar maktabi”ni tashkil qilish hamda mavjud tikuvchilik to‘garagi faoliyatini kengaytirish kabi o‘ziga xos takliflar oliygoh rektorining diqqat markazida bo‘ldi.
Yakunda esa universitet rahbari bildirilgan barcha takliflar inobatga olinib, tez orada mavjud muammolarni ham bartaraf etish choralari ko‘rilishini ta’kidladi.