Ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in muhokama qilinayotgan “gender tenglik” masalasiga yondashuvlar turlicha bo'lmoqda. Аyrimlar uni milliy qadriyatlarimizga yot, xalqimiz va mentalitetimizga begona bo'lgan G'arb mamlakatlariga xos tushuncha ekanini taʼkidlamoqda. Аslida ham shundaymi?
Prezidentimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida so'zlagan nutqida: “Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davom ettiramiz”, – deb taʼkidladi. Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 2015 yil sentyabr oyida Barqaror rivojlanish bo'yicha o'tkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyutsiyasiga muvofiq, shuningdek, 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha boʼlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida” qarori qabul qilindi.
So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida inson qadri, manfaatlarini himoya qilish, huquq va erkinliklarini taʼminlash masalasi yotibdi. Xususan, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ularga o'z imkoniyat hamda qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun sharoit yaratish, tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida gender tenglikka erishish davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri desak, mubolag'a bo'lmaydi.
Gender tenglikning buzilishiga olib kelayotgan erta turmush va erta nikoh, oilaviy-maishiy tazyiq, zo'ravonlik, ayollarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotdagi faolligini yanada oshirish kabi mavjud muammolarni o'rganish, ularga maqbul yechimlar topish ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, sohaga oid 30 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari, “2030 yilga qadar Oʼzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori, hamda “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
O'zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 parlament orasida 37-o'ringa ko'tarildi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 40 foizga, tadbirkorlikda esa 35 foizga yetdi.
Yurtimizda 2030 yilgacha bo'lgan davrda gender tenglikka erishish strategiyasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratishga katta eʼtibor berilgan. Inson huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotgan yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini taʼminlash uchun barcha huquqiy asoslar, shart-sharoitlar yaratilgan. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “Xotin-qizlarga eʼtibor hamma vaqt barcha saʼy-harakatlarimiz markazida bo'lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak”. Gender tenglik siyosatining muhim elementlaridan biri – ayol va erkaklarga nisbatan hayotning barcha jabhalarida bo'lgani kabi taʼlim sohasida ham teng imkoniyatlar yaratishdir.
Аyolni o'qitish butun jamiyatni, millatni o'qitish bilan barobar ekani hammamizga maʼlum. Taʼkidlash joizki, bugungi kunda, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi bosqichdagi xotin-qizlarning ulushi sezilarli darajada oshdi. Rasmiy maʼlumotlariga ko'ra, 2021/2022 o'quv yilida oliy taʼlim muassasalarida talabalarning umumiy soni 808 ming nafarni tashkil etgan boʼlsa, ulardan 369 mingtasi, yaʼni 45,6 foizini xotin-qizlar tashkil etdi, bu ko'rsatkich 2020/2021 oʼquv yilida 260 ming, yaʼni 36 foizni tashkil etgan. 2021 yilda tayanch doktoranturaga qabul qilinganlarning 40 foizini xotin-qiz talabgorlar tashkil etgan. Bu ko'rsatkich 2019 yilda 38 foiz boʼlgan. Bir o'quv yili davomida oliy taʼlimdagi talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi 10 foizga oshgani ayollar taʼlimiga berilayotgan eʼtiborning amaldagi samarasidir.
Bu islohotlarning barchasi xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirishga qaratilgan. O'ylaymizki, ushbu islohotlar yaqin kelajakda oʼz mevalarini beradi. Zero, ayollar oilada ham, jamiyatda ham o'z o'rniga ega.
Sarvinoz Mustafoyeva,
O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
O'zbek va chet tillari kafedrasi katta o'qituvchisi