Prezidentimizning 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori haqiqiy maʼnoda mamlakatimizda kurash sportini keng ommalashishi va sportchilarimiz olamshumul yutuqlarga erishishiga mustahkam zamin yaratdi.
O'zbekistonda kurash sporti keyingi yillarda jadal rivojlanish va ommalashish bosqichiga o'tdi. Buning ham bir qator asoslari bor. Ulardan biri – maktablarda va mahallalarda kurash to'garaklari, o'rta maxsus va oliy taʼlim tizimida fakultativ mashg'ulotlar yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2021-yilning fevral oyidan alohida Kurash fakulteti tashkil etildi.
2021-yilning sentabr oyidan O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tashkil etildi.
2021/2022-o'quv yilidan boshlab O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga kurash ixtisosligi bo'yicha amaldagi o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki baravarga oshirildi. Boshqa jismoniy madaniyat yo'nalishlari mavjud oliy taʼlim muassasalarida kurash bo'yicha mutaxassisliklar ochilib, talabalar o'qishga qabul qilina boshlandi.
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish yuzasidan yangi zamonaviy kurash zali ochilib, kurash gilamlari bilan taʼminlandi.
Kafedraning yangi zamonaviy kurash zalida talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish yuzasidan talabalar va universitet yaqinidagi mahalla yoshlari uchun to'garaklar tashkil qilinib, hozirda talaba-yoshlar kurash milliy sport turi bilan shug'ullanib kelmoqda.
2021/2022-o'quv yilidan boshlab 6 sentabr – Xalqaro kurash kuniga bag'ishlab O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professor-o qituvchilari va talabalari o'rtasida “Kurash mening sevimli sportim” shiori ostida Fleshmob tadbirlari, talaba-yoshlar o'rtasida Universitet birinchiliklari tashkil qilinmoqda.
2021/2022-o'quv yilidan boshlab 1-oktyabr – Oʼqituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlab universitet professor-o'qituvchilari o'rtasida “Rektor kubogi” musobaqasi tashkil qilinmoqda.
2020-yildan boshlab har yili bir marta davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari oʼrtasida kurash bo'yicha “O'zbek polvoni” respublika musobaqasini o'tkazish belgilangan bo'lib, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professor-o'qituvchilari ushbu musobaqada faol ishtirok etib, faxrli o'rinlarni egallab kelmoqda.
Kurash bo'yicha o'quv-uslubiy qo'llanmalar ishlab chiqish, kurashning ilmiy-metodologik bazasini kuchaytirish yuzasidan Milliy kurash turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan “Kurash usullari”, “Kurash texnikasi va o'qitish metodikasi”, “Yangi o'rganuvchilar uchun kurash”, “Kurash hamma uchun”, “Kurash usullarini o'rgatish metodikasi” kabi zamonaviy o'quv-qo'llanma va darsliklar yaratildi.
Bugungi kunda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Sport faoliyati: kurash ixtisosligida kunduzgi taʼlimda 344 nafar, sirtqi taʼlimda 344 nafar, jami 688 nafar talaba taʼlim olib kelmoqda. Bular orasida bugungi kunda 8 nafar Jahon chempionati, 2 nafar Osiyo chempionati, 24 nafar O'zbekiston chempionati hamda O'zbekiston kubogi musobaqalari g'olib va sovrindorlari qatoridan joy olgan talabalar taʼlim olmoqda.
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Kurash instituti hamkorligida universitet professor-o'qituvchi va talabalariga Kurashning yangi qoidalari, o'zbek kurashining eng ardoqli anʼanalari va maxsus kiyim boshi, musobaqa o'tkazish joyi va bellashuvning davom etish muddati, musobaqa tashkil etishning o'ziga xos xususiyatlari va xalqaro sport meʼyorlari bo'yicha seminar-treninglar tashkil qilinib, bilim va malakalari oshirib kelinmoqda.
Maʼrufjon QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
Kurash fakulteti dekani v.v.b.
Pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
O'zА