Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Murakkab-texnik sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tashabbusi bilan amerikalik mutaxassis, velosiped sporti bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoa bosh murabbiyi Gleb Borisovich Groysman ishtirokida “O‘zbekistonda velosportni rivojlantirishning istiqbolli rejalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda shuningdek, kafedra mudiri I.karimov, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida mutaxassis o‘zining velosportga oid qimmatli maʼlumotlari bilan barchada qiziqish uyg‘otdi. Xususan, O‘zbekistonda velosportni rivojlantirish yo‘llari va istiqbolli rejalar, terma jamoa aʼzolari bilan olib borilayotgan o‘ziga xos mashg‘ulotlar, yurtimizda velosport klublarini tashkil etish hamda yosh mutaxassislarga murabbiylik sir-asrorlarini o‘rgatish bilan birga, respublikaning barcha hududlarida ushbu sport turini ommalashtirish va kerakli natijalarga erishishda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining ahamiyati katta ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
O‘z navbatida seminar ishtirokchilari yakunda turli savollar bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javob olishdi.