#mutolaa_uchun
O‘zbekiston qadim-qadimdan butun dunyoni o‘zining boy tarixi, bashariyat tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalari, mard va jasur sarkardalari, kuragi yerga tegmagan polvonlari, yil o‘n ikki oy quyoshli tabiati, tarixiy obidalari, maftunkor manzillari va mehmondo‘st xalqi bilan o‘ziga rom etib kelgan.
Buyuk ipak yo‘lining eng qaynoq nuqtasida joylashgan yurtimiz mard va tanti polvonlari bilan sportning falsafasi aslida ruh va dil tarbiyasi bilan uyg‘unligini, polvonlik rutbasi insonlarga yaxshilik qilish va vatanparvarlik, or-nomus tushunchalari bilan g‘oyat uyg‘un ekanini anglatib turgan.
Bugun mana shu buyuk tarix takrorlanmoqda. Yangi O‘zbekistonda sport va turizm sohasiga qaratilayotgan eʼtibor samarasida sportchilarimiz yana dunyoni lol qoldira boshladi. Uzoqqa bormaylik, Niderlandiyada o‘tkazilgan klassik shaxmat bo‘yicha “Tata Steel Chess-2023” turnirida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorovlarning yorqin g‘alabalari manaman degan shaxmatchilarni shoshirib qo‘ydi, dunyo havasini keltirdi. Bu shundan dalolatki, yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tarbiyalash, ularni munosib rag‘batlantirish borasida qilinayotgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Pirovardida, O‘zbekiston iqtidorli yoshlar yurtiga aylanib bormoqda.
Bunday yutuqlarimizning ilmiy asoslari ham bor, albatta. Ular oliy taʼlim muassasalarida shakllanadi. Bu boradagi ishlarga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportni boshqarish va turizm fakulteti faoliyati misol bo‘la oladi. Fakultetda 1450 dan ziyod talaba gimnastika, badiiy gimnastika, shaxmat, jismoniy tarbiya va sport menejmenti, sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish, sport marketingi, sport turizmi, maktabgacha va boshlang‘ich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport taʼlimi yo‘nalishlarida tahsil oladi. Fakultetda “Jismoniy tarbiya, sport nazariyasi va uslubiyati”, “Gimnastika nazariyasi va uslubiyati”, “Sport menejmenti va iqtisodiyot”, “Sport tadbirlarini tashkil etish” kafedralari faoliyat olib boradi. Ularda 140 dan ortiq professor-o‘qituvchi talabalarga ilm-fan va sport sirlaridan saboq beradi. Jamoamizning ilmiy salohiyati 2021 yilda 23 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda 33 foizga yetdi. Bu universitet tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar samarasidir.
Professor-o‘qituvchilarimiz 2021-2022 yillarda 5 darslik, 24 o‘quv qo‘llanma nashr qildi, 2 nafari (DSc), 7 nafari (PhD) dissertatsiyasini himoya kildi. Besh nafar professor-o‘qituvchilarimiz 2021-2022 yillar mobaynida xorijda malaka oshirib qaytdi. Albatta, bu hisobot-raqamlarni bejizga sanab o‘tmadik. Gap shundaki, mana shu raqamlar zamirida iqtidorli sportchilarni tarbiyalash, xalqaro miqyosda erishayotgan yutuqlarimiz omilining ilmiy asoslari turadi. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda turizm sohasi rivojlanishiga zamin yaratadi.
Sport va turizm uyg‘unligi masalasiga to‘xtalishdan oldin keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga doir qabul qilingan ayrim qarorlari ijrosi yuzasidan universitet, shu jumladan, fakultetda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalmoqchimiz.
Prezidentimizning 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yaqinda Koreya Milliy sport universiteti o‘rtasida xalqaro munosabatlarni o‘rnatish bo‘yicha memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, endilikda jismoniy tarbiya va sport sohasida ilg‘or tajribalar ommalashtiriladi, o‘quv-mashg‘ulotlarini birgalikda olib borish choralari ko‘riladi, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur qarorda, shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti)”, “Menejment (sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish)” va “Marketing (sport marketingi)” bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bitiruvchi talabalarining amaliyotini yashash hududidagi mahallalarda o‘tkazish belgilangan. Bunda Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi va 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlarida belgilangan tegishli sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish orqali amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida turli sport musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Yoshlar forumi” doirasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari bo‘yicha besh bosqichli ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish, mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va ularni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan. Shu maqsadda joriy va kelgusi o‘quv yillarida “Menejment (jismoniy tarbiya va sport menejmenti)” va “Marketing (sport marketingi)” bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bitiruvchi talabalarining amaliyotini yashash hududlaridagi mahallalarda o‘tashi uchun aniq reja ishlab chiqilgan.
Prezidentimizning 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi yuzasidan ham aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, uni amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor, gimnastika sport turlari bo‘yicha professional murabbiylar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni ishlab chiqish, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, Jahon va Osiyo chempionatlariga gimnastika turlari bo‘yicha milliy terma jamoamiz sportchilarini tayyorlash kabi chora-tadbirlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, 2022-yil aprel oyida Chexiyaning “European institute of Applied Science and Management” instituti va “Czech University of Life Sciences” universitetida xizmat safarida bo‘lib qaytdik. Safarimiz chog‘ida har ikkala OTM bilan xalqaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, endilikda Yevropa oliy taʼlim muassasalari orasida o‘z nufuziga ega ushbu OTMlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi hamda xalqaro darajada konferensiyalar o‘tkazib boriladi.
Fakultetimizga talaba-yoshlar o‘rtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni faol targ‘ib qilishga ham alohida eʼtibor qaratamiz. Talabalar o‘rtasida milliy va rasmiy bayramlarimizda turli sport musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Yot g‘oyalar va turli illatlarga qarshi bo‘lgan shiorlar ostida shaxmat-shashka, futbol, voleybol, arqon tortish va boshqa sport turlaridan musobaqalar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham yoshlarni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalash, tashqi xurujlar va yot g‘oyalarga qarshi kurashda immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qadimiy qadriyatlarimiz, xususan mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz bo‘lgan kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu qadriyatimizni umumjahon durdonasiga aylantirish bo‘yicha mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.
Qarorda belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida o‘tgan yillarda mahalliy va xalqaro miqyosda 3000 dan ortiq musobaqalar o‘tkazildi. Germaniya, Bolgariya, Turkiya, Litva, Ruminiya, Fransiya, AQShda O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlar o‘tkazildi. Hindistonda kurash bo‘yicha jahon chempionati tashkil etildi.
Shu o‘rinda, o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha AQShning Nyu-York, Filadelfiya, Los-Anjeles shaharlarida o‘tkazilgan turnirlar ahamiyati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, asosiy maqsadimiz kurash sport turini 2028-yilda AQShda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yiniga kiritish edi. Hozirda bu borada ishlar qizg‘in ketmoqda, eng muhimi xalqaro jamoatchilik qiziqishi katta. Bunga o‘zimiz shu musobaqalarda bevosita ishtirok etib, hakamlik qilganimizda ham yana bir bor amin bo‘ldik. O‘zbek kurashini dunyo miqyosida keng targ‘ib qilishning yana bir ahamiyatli tomoni, bu orqali biz yurtimizda turizm rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Bu xalqaro turnir va musobaqalarning EuroNews kanali va boshqa chet el ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borilgani kurashimizning tarixiy bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Qolaversa, o‘tgan yili Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ham sportchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, karate bo‘yicha Sadriddin Saymatov, sport gimnastikasi bahslarida Dildora Aripova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sportchi-yoshlar, talabalarimizning g‘alabali yurishlari davom etmoqda. Mana yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro yosh shaxmatchilar turnirida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Sportni boshqarish va turizm fakulteti talabasi Aziza Tursunova yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, birinchi o‘rinni egalladi. Yana bir iqtidorli shaxmatchimiz Shamsiddin Vohidov ham barcha raqiblaridan ustunligini ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Biz yuqorida sport va turizm uyg‘unligi haqida gapirgan edik. Bu haqida fikrimizni davom ettiradigan bo‘lsak, birgina kurash bo‘yicha dunyoning eng mashhur shaharlarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan xalqaro musobaqalarni aytish o‘rinli bo‘ladi. Bu musobaqalar dunyoning o‘nlab ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali qitʼalararo keng tarqaldi. Shu tariqa dunyo sayyohlari o‘rtasida O‘zbekistondek jozibador diyor haqida katta qiziqish uyg‘otdi. Mana shularni eʼtiborga olsak dunyoga sport orqali mamlakatni targ‘ib qilish, pirovardida, sayyohlarni sehrli diyorimizga jalb qilish eng samarali usul bo‘lib qolaveradi.
Mana shu yo‘lda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida qilayotgan ishlarimiz ham albatta o‘z samarasini beradi. Shu bois, joriy yilda oldimizga Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni so‘zsiz ijro etish maqsadida yangi rejalarni belgilab olganmiz. Bu maqsad va rejalarni bajarish uchun esa barcha sharoitimiz, salohiyatimiz yetarli.
Azizxon Tillyaxodjayev,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
Sportni boshqarish va turizm fakulteti dekani
O‘zA