#Munosabat
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sohaga zamonaviy ilmiy yondashuvlarni joriy etish, shu orqali yosh avlodni har tomonlama sog‘lom voyaga yetkazishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Bu, bir tomondan, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizda farovonlik sari yo‘l ochgan xalqchil islohotlar samarasi va sog‘lom kelajak poydevori, deyish mumkin.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Agar qarorning mazmun-mohiyati, ya’ni unda ko‘zda tutilgan maqsadlarni chuqur tahlil qilsak, ko‘z oldimizda bir qator muhim o‘zgarishlar gavdalanadi.
Birinchidan, endilikda jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish va boshqaruv tizimini raqamlashtirish, pedagogik va ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish maqsad qilingan.
Bunda, eng avvalo, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida ta’lim dasturlarini xalqaro reytingda yuqori bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari dasturiga ko‘ra shakllantirish, dunyoning nufuzli OTMlari bilan talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Shu o‘rinda, bu tizimning bir qator afzalliklari haqida aytish mumkin. Masalan, tennis yoki badminton misolida aytadigan bo‘lsak, bugun jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida eng kuchli sanalgan terma jamoalar vakillari mamlakatidagi oliy o‘quv yurtlarida bu sport turining nazariy va amaliy jihatlari rivojlanganini ko‘ramiz. Shu bois, ularning ilg‘or o‘quv dasturlarini mamlakatimizda ham joriy qilish kelgusida Olimpiada o‘yinlari chempionlarini yetishtirish imkonini yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, bizning universitetda ham bugungi kunda Sport o‘yinlari fakulteti negizidagi Badminton, tennis nazariyasi va uslubiyati kafedrasida tennis, stol tennisi va badmintonni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan nazariyalar ishlab chiqilmoqda. Albatta, endilikda biz Prezidentimizning mazkur qarori bilan bu boradagi ishlarni yanada jonlantiramiz.
Ikkinchidan, qaror bilan endilikda har bir sportchi-talaba bilan personal trayektoriyalar bo‘yicha kredit-modul tizimi asosida ishlaymiz.
Bu nima beradi? Avvalo, talabalarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Negaki, har bir talaba bilan individual yondashuv asosida ishlash imkoni yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, talaba va murabbiy o‘rtasida o‘zaro ishonchli muhit yaratilishiga imkon bersa, boshqa tomondan, yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, g‘alaba sari intilishini kuchaytiradi.
Uchinchidan, Prezident qarorida “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan, “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga esa kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinishi belgilandi.
Bu, eng avvalo, sport yo‘nalishiga adashib yoki boshqa bir maqsadu manfaatlarni ko‘zlab kirish amaliyotiga barham beradi. Abituriyent universitetga kirdimi, demak, undan natija kutish mumkin bo‘ladi. Chunki endigi talaba sportchi, ya’ni sport razryadiga ega bo‘ladi. Bunday yoshlar bilan murabbiy va professor-o‘qituvchilarning ishlashi ham oson va samarali kechadi. Nimagaki, har ikki tomonning ham maqsadi aniq bo‘ladi-da.
To‘rtinchidan, o‘quv mashg‘ulotlari va mahorat darslarini o‘tkazish hamda o‘quv jarayonida ishtirok etish uchun sport federatsiya (assotsiatsiya)larining yetuk malaka va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislari jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, talaba qanchalik nazariy jihatdan kuchli bilimga ega bo‘lmasin, u sport maydonida amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lmasa, natija bo‘lishi mushkul. Chunki tennis bo‘yicha o‘tayotgan chempionatda, shubhasiz, uning natijasi hisobga olinadi, aslo nazariy savol-javobdan "besh" baho olgani emas.
Shuning uchun ham talabaning o‘zi tanlagan sport turi bo‘yicha federatsiyalar bilan hamkorlik, bevosita jarayonning ichida kamolga yetishi bo‘lajak g‘alabaning qariyb 80 foiz ta’minotini anglatadi.
Prezidentimiz qarorida yana bir muhim hayotiy ta’minot masalasi ham ko‘tarilganki, uni sport ta’limi tizimidagi beshinchi o‘zgarish sifatida sharhlaymiz.
Demak, beshinchidan, endilikda talabalarning o‘zlashtirgan bilimi, malaka va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llash darajasidan kelib chiqib, iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener malaka toifasini belgilovchi guvohnoma beriladi.
Sir emas, sport yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohini bitirgan barcha yigit-qizlar ham jahon chempioni yoki Olimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lavermaydi. Ularning ko‘pchiligi o‘z tug‘ilgan qishlog‘iga borib, yoshlarga saboq berishni maqsad qilgan. Lekin ular maktabda jismoniy tarbiyadan dars berishi mumkin. Maktab bitta bo‘lsa, hammaga ham ish bormi? Yo‘q, albatta. Trenerlik qilish uchun esa malaka toifasi talab qilinadi. Shuni e’tiborga olgan holda, qarorda iqtidorli bitiruvchilarga sport bo‘yicha hakam hamda ikkinchi toifali trener malaka toifasini belgilovchi guvohnoma berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Oltinchidan, Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023-yil 1-yanvardan boshlab Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinmoqda.
Rag‘bat va moddiy manfaat bor joyda shunga yarasha intilish va maqsad bo‘ladi. Bu, avvalo, talabalar orasida juda e’tiborli jihat. Har bir talaba ota-onasiga ko‘p og‘irligi tushmay o‘qigisi keladi. Buning uchun nima qilish kerak? Albatta, yaxshi o‘qishi va yutuqlarga erishishi shart. Shu ma’noda, Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy etilishi talabalarimizni yangi marralar sari chorlashi shubhasiz.
Albatta, Prezidentimizning biz sharhlagan qarori mazmun-mohiyati juda keng, uning ahamiyati katta. Uni bitta maqolaga jamlash imkonsiz. Shu sabab bugun ularning ayrimlariga to‘xtaldik, xolos. Eng muhimi, mana shu qaror bugun sport yo‘nalishida yoshlarga saboq berib kelayotgan akademik doira vakillari, murabbiylarga zo‘r motivatsiya berdi, shu jumladan, talaba-yoshlarga ham ilhom bag‘ishladi.
Shu ma’noda, bizning kafedramiz professor-o‘qituvchilari ham o‘z oldiga alohida yangi maqsad va rejalarni qo‘ymoqda. Jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash, ommaviy sport tadbirlari, musobaqalar o‘tkazish, iste’dodli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirish, katta sport sari yetaklash, qolaversa, kadrlar tayyorlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro aloqalarni kengaytirish kabi ustuvor jihatlarda ko‘zga tashlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy tennis sport majmualari barpo etilishi, ko‘p sonli xalqaro musobaqalar tashkil qilinishi o‘z maqsadlarimizga erishishda katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bunda, albatta, Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Qobiljon USMONOV,
O‘zDJTSU Badminton, tennis nazariyasi
va uslubiyati kafedrasi mudiri.
O‘zA