Ma’lumki, joriy yilning 12–17-aprel kunlari Toshkent shahrida sport olamining yirik voqealaridan biri — taekvondo (WT) bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 115 ta davlatidan 1 547 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
🗣Bugun mazkur chempionat doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi Prezidenti Choue Chung-won boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga tashrif buyurdi.
⏺Tashrif davomida mehmonlar dastlab universitet muzeyi bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
💬Uchrashuv avvalida Choue Chung-wonga universitetning “Faxriy doktori” unvoni diplomi tantanali ravishda topshirildi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda sport ta’limi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Jumladan:
🟢sport biomexanikasi va sport psixologiyasi yo‘nalishida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish;
🟢 iqtidorli talabalar va murabbiylar uchun Janubiy Koreyaning yetakchi akademiyalarida malaka oshirish va tajriba almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
🟢 Kukkiwon bilan hamkorlikda universitet bazasida xalqaro toifadagi murabbiy va hakamlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish;
🟢ta’lim sifatini oshirish maqsadida Koreyaning innovatsion metodikalari va zamonaviy IT-texnologiyalarini mashg‘ulot jarayonlariga joriy etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
✍️Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sport ta’limi sifatini oshirish hamda xalqaro tajribalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.