Qozog‘iston Respublikasidagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti taklifiga binoan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti delegatsiyasining mazkur oliy ta’lim muassasasiga amalga oshirayotgan xizmat safari davom etmoqda.
🗣️Xizmat safarining ikkinchi kunida delegatsiya a’zolari tomonidan mezbon tomon vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, kunning birinchi yarmida o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ularni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish masalalari yuzasidan batafsil muzokaralar olib borildi.
🔺 Muzokaralar jarayonida tomonlar ta’lim sifatini oshirish, akademik mobillikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
✅Shuningdek, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan mezbon universitet talabalari uchun universitetning faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Mazkur taqdimot talabalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, o‘zaro fikr almashish ruhida davom etdi.