Bugun, 7-fevral kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro kurash instituti, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash ittifoqi va universitet hamkorligida yevropalik mutaxassislar uchun mo‘ljallangan “Kurash hakamligi va murabbiylik bo‘yicha bir oylik intensiv onlayn-kurs”ning ochilish marosimi o‘tkazildi.
📑Tadbirda sohaning yetakchi ekspertlari: Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va Xalqaro kurash instituti mutasaddilari, universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilar, Yevropa kurash konfederatsiyasi vakillari (Zoom platformasi orqali), institutning xalqaro darajadagi mutaxassislari hamda 30 nafarga yaqin yevropalik kurs ishtirokchilari ham bevosita, ham masofaviy tarzda ishtirok etdilar.
🇺🇿Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 20-dekabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-450-sonli qarori ijrosini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
✔️Tadbirning asosiy vazifalari, bu Kurashning yagona xalqaro qoidalarini Yevropa qit’asida keng targ‘ib etish va malakali hakamlar guruhini shakllantirish, xorijiy murabbiylarga Kurash Usulning barcha texnikalari va ilmiy-uslubiy asoslarini zamonaviy texnologiyalar yordamida o‘rgatish, kurashni nafaqat sport turi, balki tarixiy-madaniy meros sifatida dunyo arenalaridagi nufuzini yanada oshirishdan iborat.
🟢Bugungi kunda Kurash dunyoning barcha qit’alarida “O‘zbek brendi” ostida e’tirof etilmoqda. Kurash bilan shug‘ullanuvchi atletlar sonining ortishi esa o‘z-o‘zidan yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni yuzaga keltirmoqda.