Joriy yilning 11-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida talabalarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan navbatdagi profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yoshlar masalalari va madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Sh. Mirzanov, rektorning talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul maslahatchisi G‘. Yovqachdiyev, Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Z. Xolmirzayev, shuningdek Chirchiq shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A. Ochilov ishtirok etdi.
🗣️Uchrashuv davomida talabalarda jinoyatchilikning oldini olish, yoshlar orasida uchrayotgan narkojinoyatchilik, giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish va tarqatish kabi xavfli illatlarning sabablari va oqibatlari, ularga qarshi kurashishning samarali choralari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
✔️Mutaxassislar tomonidan zamonaviy tahdidlar, yoshlarni o‘ziga rom qilayotgan zararli odatlar, internet orqali tarqalayotgan noqonuniy axborotlar, ekstremistik chaqiriqlar va ularning oldini olish mexanizmlari haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
💠Shuningdek, talabalarga ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan profilaktik ishlari, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish tizimi, yoshlarni buzg‘unchi oqimlar ta’siridan himoya qilish bo‘yicha mavjud qonunchilik normalari haqida tushuntirildi. Uchrashuv davomida real hayotiy misollar, statistik ma’lumotlar hamda huquqiy tavsiyalar keltirildi.
🟡Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar va soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldilar.
🗣Mazkur uchrashuv yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqiy savodxonlikni oshirish, turli zararli odatlardan ogoh etish hamda jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etdi.