Germaniyaning Reyn-Rur shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Rhine-Ruhr 2025” yozgi Universiadasi jahon yoshlar sport hayotidagi eng yirik va nufuzli tadbirlardan biri hisoblanadi. Unda 150 davlatdan 8500 nafardan ortiq talabalar-sportchilar ishtirok etmoqda. Ushbu katta sport bayramida O‘zbekiston terma jamoasi ham faol qatnashmoqda (https://rhineruhr2025.com/en/schedule#/general-medals).
Yurtimiz sharafini 18 ta oliy ta’lim muassasasidan 53 nafar talaba-sportchi himoya qilmoqda. Ular Universiada doirasidagi 11 ta sport turi bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etyapti.
O‘zbekiston 2 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan hozirgacha jami 6 ta medal to‘plab, umumiy hisobda 6-o‘rinni egallab turibdi. Bu yurtimiz yoshlari xalqaro maydonda tobora o‘z o‘rnini topayotganini, ularda yuksak salohiyat, intilish va iroda borligini yana bir bor namoyon etmoqda.
Mamlakatimizda yoshlar sportini rivojlantirish, sport infratuzilmasini mustahkamlash va xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini bu natijalar yaqqol ifoda etmoqda.
Universiada musobaqalari hali davom etmoqda va yurtimiz sportchilari oldida yana yangi imkoniyatlar ochiq. Biz ulardan yangi g‘alabalar va muvaffaqiyatli natijalarni kutib qolamiz.