#yashil_makon_umummilliy_loyihasi
#dolzarb_40_kunlik
Xabaringiz bor, joriy yilning 11-oktabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda shuningdek, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakuniga qadar 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida esa yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasini qo‘yib, o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqqqan holda, 20-oktabrdan 1-dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik”ni e’lon qildi.
Mazkur loyiha ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida amaliy ishlar boshlab yuborildi. Loyiha doirasida barcha fakultet dekanlari, talabalar hamda professor o‘qituvchilar birgalikda universitet hududidagi mavjud bo‘sh joylarga turli manzarali va mevali ko‘chatlarni ekishda faol qatnashib kelmoqdalar.
Bu loyiha faqatgina talabalar yoki professor-o‘qituvchilar emas, balki ular bilan yonma-yon tarzda oliygoh hududini obod qilishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan universitet rektorining ham ishtiroki va ko‘chat ekishda ko‘rsatayotgan jonbozligi bilan yanada katta ahamiyat kasb etmoqda. – Bu universitet bizning uyimiz! Inson esa o‘zi yashab turgan joyini obod qilsagina, ko‘ngli shodlikka to‘lib, turmushi fayzli va farovon bo‘ldi, - deya ta’kidladi rektor.
Bir so‘z bilan aytganda, respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi aholimiz, ayniqsa talaba-yoshlar hamda o‘quvchilar o‘rtasida tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatni oshirish, ularni atrof-muhit tozaligini saqlashga yanada keng jalb qilishda muhim o‘rin tutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetidagi ushbu loyiha doirasidagi qizg‘in jarayonlar davom etmoqda.