2022/2023-oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (OʻzDJTSU)da sport turlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarda inson omilining taʼsirini keskin kamaytirish, imtihonlarning shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida raqamlashtirish tizimi joriy etiladi.
Shuni alohida taʼkidlash lozim, bunday tizim oldin hech bir oliy taʼlim muassasasida joriy qilinmagan. Ilk marotaba ushbu tizim OʻzDJTSUda amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, har bir sport taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Komissiya tarkibi aʼzolari 4-8 nafargacha boʻladi. Komissiya raisi va aʼzolari planshet bilan taʼminlanadi. Ular vazirlik tomonidan yaratilgan maxsus dastur asosida abituriyentlarning JSHSHIR kodi orqali kasbiy (ijodiy) imtihon natijalarini imtihon vaqtida toʻgʻridan-toʻgʻri tizimga kiritadi. Komissiya raisi aʼzolar tomonidan kiritilgan natija va qoʻyilgan baholarni koʻrib chiqib tasdiqlaydi. Komissiya raisi tomonidan abituriyentlarning kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari tasdiqlangan vaqtda abituriyent telefon raqamiga SMS orqali natija va baholari kelib tushadi. Bu esa bahoni turli yoʻllar bilan oʻzgartirish imkonini bermaydi.
Elektron axborot tizimida har bir abituriyent haqida maʼlumotdan tortib, jamgʻargan ballarigacha saqlanadi. Shuningdek, imtihon jarayonlarining shaffof va adolatli oʻtishi uchun kasbiy (ijodiy) imtihon boʻladigan obyektlar 40 dan ortiq kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Abituriyent va ularning yaqinlari tomonidan eʼtiroz bildirilgan taqdirda yoki boshqa holatlarda komissiya aʼzolari oʻrganib chiqishi uchun imkoniyatlar mavjud.
Bundan tashqari, abituriyentlarning yaqinlari imtihon oʻtkazilish jarayonini onlayn kuzatib borish uchun kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan hududlarda elektron monitorlar oʻrnatiladi. Shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari imtihon.jtsu.uz veb-sayti orqali toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilinadi. Shu bilan birgalikda axborot xavfsizligini taʼminlash maqsadida barcha maʼlumotlar Uztelecom aksiyadorlik kompaniyasi maxsus bazasida saqlanadi.
Albatta bu kabi tizimning yaratilishi iqtidorli sportchilarni saralab olish, bilimli yoshlarning mehnatlarini yuzaga chiqishida katta yordam beradi va abituriyentlarning oʻziga boʻlgan ishonchini yanada oshiradi.