Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Talabalar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish va huquqbuzarlik profilaktikasi” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati IIBB profilaktikasi boshqarmasi yoshlar masalalari bo‘limi boshlig‘i E.Tulepov, Toshkent viloyati IIBB boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori I.Rajabov, Chirchiq shahar huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limi rahbari, podpolkovnik Sh.Abdullayev, universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor N.Dusanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Risboyev, Yoshlar bilan ishlash ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i J.Mamanov hamda professor-o‘qituvchilar, ishchi xodim va tyuterlar ishtirok etishdi.
Yig‘ilish davomida so‘nggi vaqtlarda Toshkent viloyati bo‘yicha talabalar o‘rtasida turli huquqbuzarlik holatlari va jinoyatchiliklar ortganligi, jumladan, viloyatdagi 8 ta Oliy ta’lim muassasalari kesimida 50 ga yaqin jinoyatchilik sodir etilgani, shundan beshtasi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga tegishli ekanligi, eng yomoni ularning orasida talonchilik, qasddan birovga zarar yetkazish kabi salbiy holatlar ham borligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Shu maqsadda talaba-yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, befarqlikka yo‘l qo‘ymaslik va profilaktika sifatida turli targ‘ibot ishlarini olib borish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Yakunda esa universitet va IIB xodimlari bilan kelgusida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, oliy ta’lim tizimda ichki tartib-qoidalar qat’iyligini ta’minlash masalalari yuzasidan kelishib olindi.