Sport biomexanikasi laboratoriyasida Bektemir Meliqo‘ziyev ishtirokida innovatsion biomexanik tadqiqotlar o‘tkazildi
🌎Joriy yilning 24-iyul kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ilmiy tadqiqotlar markazi huzuridagi Sport biomexanikasi laboratoriyasida pedagogika fanlari doktori (DSc), professor Soyib Tajibayev rahbarligida yuqori malakali bokschilar ishtirokida zamonaviy biomexanik tadqiqotlar amalga oshirildi.
⏳Tadqiqot davomida sportchining texnik harakatlari 3DMA (3D Motion Analysis) tizimi yordamida uch o‘lchovli formatda tahlil qilindi. Shuningdek, QuickBoard qurilmasi orqali reaksiya tezligi va koordinatsion qobiliyatlar, spirometr yordamida nafas olish tizimining funksional holati, dinamometr orqali mushak kuchi hamda Tanita RD545 tana analizatori vositasida tana tarkibi kompleks baholandi.
✔️Ilmiy izlanishlarning asosiy maqsadi bokschining zarba berish biomexanikasi, harakat koordinatsiyasi, muvozanati, tezkorligi va tana segmentlari o‘rtasidagi kinematik bog‘liqliklarni chuqur o‘rganishdan iborat. Olingan natijalar asosida sportchining individual biomexanik modeli yaratiladi hamda texnik harakatlarni yanada takomillashtirish, sport natijadorligini oshirish va jarohatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqiladi.
👦Mazkur tadqiqotlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sport biomexanikasi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy ishlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Sun’iy intellekt, raqamli harakat tahlili va zamonaviy biomexanik texnologiyalarni sport tayyorgarligi jarayoniga integratsiya qilish orqali yuqori malakali sportchilarning funksional imkoniyatlarini ilmiy asosda baholash va rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
🟥Sport biomexanikasi laboratoriyasi mamlakatimiz sportchilarining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning texnik tayyorgarligini takomillashtirish hamda sport fanini rivojlantirish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.