O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi “Karate WKF sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–356-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 26–29-mart kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida karate (WKF) bo‘yicha kichik o‘smirlar (U14 — o‘g‘il bolalar va qizlar) hamda o‘smirlar (U18 — o‘g‘il bolalar va qizlar) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazilmoqda.
🟢Mazkur musobaqa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, unda mamlakatimizning barcha hududlari hamda Toshkent shahridan jami 750 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Shundan 290 nafari kichik yoshdagi qizlar hisoblanadi.
🥋Karate sport turining ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ham keng rivojlanib borayotganini inobatga olib, musobaqa doirasida 46 nafar para sportchi parakarate yo‘nalishida qatnashmoqda.
✔️Musobaqani adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida 45 nafar hakam jalb etilgan bo‘lib, ular tarkibida 18 nafar xalqaro toifadagi, 15 nafar milliy toifadagi hamda 12 nafar sport hakamlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, universitetning jangovar yakkakurash sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi tomonidan biriktirilgan volontyorlar musobaqa jarayonida faol ishtirok etib, amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
🔅Mazkur musobaqaning asosiy maqsadi yosh sportchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning sport mahoratini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni saralab, xalqaro musobaqalarga tayyorlashdan iboratdir.