M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining 2025-yil 25-noyabrdagi №5237/02-sonli xatiga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti delegatsiyasi — Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i G‘. Xo‘jamkeldiyev, Qishki va murakkab-texnik sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri S. Davletmuradov hamda Adaptiv jismoniy tarbiya va parasport kafedrasi professor-o‘qituvchilari N. Bobomuradov va L. Davlatovalardan iborat tarkib — Xalqaro akademik mobillik dasturi doirasida mazkur universitetga xizmat safariga yuborildi.
🗣️Dastur doirasida 2025-yil 4-dekabr kuni off-line, 5–7-dekabr kunlari esa on-line tarzda (Zoom platformasi orqali) ta’lim-metodik birlashmalar yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Professor-o‘qituvchilarimiz sessiyalarda faol ishtirok etib, ma’ruzalar o‘qish, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish va stajirovka jarayonlarida o‘z pedagogik tajribalarini namoyish etdilar.
➡️Stajirovka davomida M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida talabalarga yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonini tashkil etish tizimi, moddiy-texnik baza, sport va o‘quv laboratoriyalari, o‘quv binolari hamda zamonaviy trening zallarining faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashinuvi, o‘quv-uslubiy hujjatlar bo‘yicha muhokamalar hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari xususida batafsil suhbatlar olib borildi.
🌎Mazkur tashrif doirasida amalga oshirilgan ishlar universitetlararo ilmiy-metodik hamkorlikni yanada kuchaytirishga, ta’lim sifatini oshirishga hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qildi.