Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “2021 yilda o‘tkazilgan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlari natijalari tahlili hamda keyingi olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
“Zoom” platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etilgan anjumanni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsityalar bo‘yicha prorektori Kamil Bayazitov ochib berdi va boshqarib bordi.
Onlayn o‘tkazilgan xalqaro anjumanda respublikamizdagi ko‘pgina oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, taʼlim muassasalari olimlari, izlanuvchilar bilan birgalikda AQSH Barbent Og‘ir atletika musobaqlarini tahlil qilish agentligi (Mayk Graber), Rossiya jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqot instituti (Shiyan Viktor Vladimirovich), Hindistondagi jismoniy tarbiya va sport Britaniya maktabi (Sachin Baranval), Hindiston yengil atletika federatsiyasi (Arjun Singx), Ispaniya olimpiya sportchilarini tayyorlash markazi (Marko Sisko), Tanzaniya yuqori malakali sportchilarni tayyorlash instituti (Charles Maguzu) kabi nufuzli ilmiy va sport muassasalaridan yetakchi mutaxassislar o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjumanda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga zamonaviy sport tayyorgarligining dolzarb muammolari, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yuqori malakali sportchilarni tayyorlashning ijtimoiy-psixologik muammolari, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yuqori malakali sportchilarni tayyorlashning tibbiy-biologik muammolari hamda Olimpiya va paralimpiya zaxiralarini rivojlantirish muammolari va istiqbollariga bag‘ishlangan maʼruzalar o‘qildi.
Ilmiy anjuman ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
O‘zDJTSU matbuot xizmati