Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Mahmudjon Boltabayev universitetning Yakkakurash fakulteti talabalari bilan muloqat qildi.
Tadbirda Chirchiq shahar 3-sonli IIB boshlig‘i Ikrom Tursunov, universitetning Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Risboyev, universitet yoshlari yetakchisi Habibulla Tursunov, fakultet dekanlari ishtirok etishdi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda Mahmudjon Boltabayev bugun yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samarasi o‘laroq, barcha sohalar qatori oliy taʼlim tizimida ham juda ulkan yangilanishlar, taʼlim oluvchilar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratilganini, o‘z navbatida yoshlar ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, o‘qib, o‘rganib, kelajakda Yangi O‘zbekiston sporti rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishlari lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, Prezidentimizning sportga oid farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati haqida talabalarga tushunchalar berib o‘tdi.
Uchrashuvda Chirchiq shahar 3-sonli IIB boshlig‘i Ikrom Tursunov so‘zga chiqib, talaba-yoshlarimizni maʼnan boy, jismonan baquvvat bo‘lib kamolga yetishlarida, ularni bilimli, shu bilan birga mustaqil fikrga ega bo‘lishlarida barcha birdek maʼsul ekanligini taʼkidlab, talabalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning sabablari va ularni sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ochiq-oshkora samimiy ruhda o‘tgan muloqotda talaba-yoshlarning taʼlim, sport va boshqa sohalardagi taklif va mulohazalari eshitildi hamda taklif va muammolarini hal etish bo‘yicha universitet masʼullariga topshiriqlar berildi.
O‘zDJTSU matbuot xizmati