Bugungi kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sohada xalqaro aloqalar doirasini kengaytirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish masalalariga alohida e’tibor qaratib, bu yo‘nalishda qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.
Xususan, bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Litva sport va universiteti rektori, professor Diana Reklaitene boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Dastlab, delegatsiya aʼzolari hamda rektor Rashid Matkarimov boshchiligidagi universitet jamoasi o‘rtasida uchrashuv bolib o‘tdi. Unda universitetlar haqida ma’lumotlar almashildi.
Uchrashuv davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning akademik almashinuvi va hamkorlikda ilmiy loyihalar ustida ishlash bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shundan so‘ng tomonlar bir-biriga esdalik sovg‘alarini ulashib, faxriy mehmonlar universitet faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiyaning yurtimizga xizmat safari 23-noyabrga qadar davom etadi.